O’zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish klasteri yo‘lga qo‘yiladi
Qayd etilishicha, bugunga qadar 354 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, BMT tashabbusi bilan 2004 yildan boshlab har yili 9 dekabrda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni butun dunyoda nishonlanadi. Ushbu sana mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar samarasini baholash, amaliy natijalarni tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash uchun muhim fursat.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan davrda 793 mlrd so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi oldi olingan, qariyb 2 trln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan, 478 mlrd so‘mlik zarar undirilgan.
Shuningdek, 354 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 1397 ta manfaatlar to‘qnashuvi holati hamda qariyb 550 mlrd so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olingan. Mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 24 nafari ma’muriy va 148 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish klasterini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Ta’kidlanishicha, bu tizim Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, idoralarning ichki nazorat bo‘linmalari, ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida mazkur illatga qarshi kurashish bo‘yicha yaqin hamkorligini o‘rnatish va ularning sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladi.
Klaster doirasida axborot almashish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, monitoring va baholash orqali yaxlit ekotizim yaratiladi, ishlarning samaradorligi oshadi.
Taqdimotda sohani raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Turli idoralarning ma’lumot bazalarini integratsiya qilish asosida Xavf-tahlil markazini tashkil etib, korrupsion xavflarni hamda davlat xaridlarida affillanganlik holatlarini avtomatik aniqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, komplayens bo‘limlarning ishini to‘liq raqamlashtirish, korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni aniqlash tezkorligini oshirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.
Qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiq e’lon qilinishi ustidan nazoratni hamda budjet mablag‘laridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Preventiv choralarning ko‘lami va ta’sirchanligini oshirishga alohida e’tibor berildi.
Soha va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilindi. Bunda korrupsiya jinoyatlari statistikasi va byurokratiya darajasi yuqori, faoliyati bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p murojaatlar kelib tushayotgan hamda raqamlashtirish darajasi past bo‘lgan sohalar bilan manzilli ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunday soha va tarmoqlarda loyiha ofislari tashkil etilib, faoliyat yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlanadi va jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga keng jamoatchilikni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Bu borada investitsiya loyihalarining ijrosini nazorat qiluvchi tashabbuskor guruhlarni ko‘paytirish, qurilish ishlarini nazorat qilishda mahalla faollarining ishtirokini ta’minlash taklif qilindi.
Korrupsiya haqida xabar berayotganlar sonini oshirish maqsadida ularga himoya orderi berishni yo‘lga qo‘yish, rag‘batlantirishning real mexanizmini joriy etish muhimligi ta’kidlandi. «Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishonini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, davlat rahbariga qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligidagi suiiste’molchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, turli sohalardagi iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida hisobot berildi.
Mutasaddilarga bu borada faqat jinoyatning oqibatlari bilan kurashish emas, balki unga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratish, faoliyatni raqamlashtirib, masofaviy nazorat mexanizmlari va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Profilaktika ishlarini kuchaytirish, moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirish, qonunbuzarliklarga imkon beruvchi bo‘shliqlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qonunchilik hujjatlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ