Raqamli texnologiyalar vazirligi: kiberhujumda 60 mingga yaqin fuqaro ma’lumotlari tarqalgan

Shuningdek, firibgarlar shaxsiy ishtiroksiz fuqarolar nomidan harakat qila olmasligi ta’kidlandi

Raqamli texnologiyalar vazirligi: kiberhujumda 60 mingga yaqin fuqaro ma’lumotlari tarqalgan

2026-yil 2-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda 15 mln o‘zbekistonlikning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqani haqida xabarlar tarqalgan edi. Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh berildi.

Vazir Sherzod Shermatovning ma’lum qilishicha, 2026-yil 27–30-yanvar kunlari uchta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujumlar amalga oshirilgan. Natijada ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek 15 mln emas, taxminan 60 mingga yaqin fuqaroning ayrim ma’lumotlari tarqalgan.

Rasmiylarga ko‘ra, hodisadan so‘ng axborot infratuzilmalarida ruxsatsiz kirishlarning oldini olish uchun tezkor choralar ko‘rilgan, texnik himoya vositalari kuchaytirilgan. Yagona identifikatsiya tizimi — “OneID”da ham qo‘shimcha xavfsizlik mexanizmlari joriy etilib, shaxsiy ma’lumotlarni faqat egasining roziligi asosida boshqa tizimlarga taqdim etish yoki cheklash imkoniyati yaratildi.

Mutasaddilar “shaxsiy ma’lumot sizib chiqishi” fuqarolarning akkauntlari buzilgani degani emasligini ta’kidladi. Hujumchilar asosan ism-sharif, tug‘ilgan sana, manzil yoki telefon raqami kabi ayrim ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin, biroq fuqarolarning shaxsiy ishtirokisiz ular nomidan hech qanday amaliy harakatni amalga oshira olmaydi.

Shunga qaramay, qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar firibgarlar tomonidan aldov maqsadida ishlatilishi ehtimoli mavjudligi sababli fuqarolarga ehtiyot choralariga rioya qilish tavsiya etildi.

Fevral boshlarida hukumat tizimlaridan kamida 15 mln O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani va Dark Web’ga joylashtirilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu holat yuzasidan Kiberxavfsizlik markazi DUK o‘rganishlar olib borilayotganini va keyinroq qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, ayrim xorijiy forumlarda davlatning asosiy autentifikatsiya tizimi bo‘lgan OAuth serveri buzilgani, natijada bir qator davlat va nodavlat tizimlari xavf ostida qolgani qayd etilgan. Biroq rasmiy idoralar hozircha o‘zlariga tegishli axborot tizimlarida ma’lumotlar sizib chiqishi holati aniqlanganini qat’iy rad etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat axborot tizimlari buzilgani va millionlab fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlar fonida qator idoralar rasmiy izoh bergan. Xususan, Statistika qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi o‘z tizimlariga tashqi manbalar orqali buzib kirilmaganini bildirgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Chiqindi qarzi sabab qariyb 200 ming abonentga elektr to‘lovlarida cheklov qo‘yildi
/
Chiqindi qarzi sabab qariyb 200 ming abonentga elektr to‘lovlarida cheklov qo‘yildi
O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi
/
O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi
Ayollar uchun pensiya yoshi kamaytirilish haqidagi loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
/
Ayollar uchun pensiya yoshi kamaytirilish haqidagi loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi