Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazida yakuniy tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi

42 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega majmua 2026-yilning eng kutilayotgan muzeylari ro‘yxatiga kiritilgan

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazida yakuniy tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi hududida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan so‘nggi obodonlashtirish ishlari va yangi ekspozitsiyalar bilan tanishdi.

Majmua 10 gektar maydonda qad ko‘targan bo‘lib, binoning umumiy foydali maydoni 42 ming kvadrat metrdan oshadi, gumbaz balandligi esa 65 metrni tashkil etadi. Keng ko‘lamli arxitektura yechimi tufayli obyekt Ginnes rekordlari kitobiga kiritilishi mumkinligi qayd etilmoqda. Markaz Fransiyaning “Avitsenna” mukofotiga sazovor bo‘lgan hamda Smithsonian Magazine, Conde Nast Traveler va BBC talqinlariga ko‘ra 2026-yilning eng kutilayotgan muzeylari ro‘yxatidan joy olgan.

Markaz ichki tuzilmasi bir nechta funksional zonalarga ajratilgan. Yerosti qismida qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish laboratoriyalari, fond saqlash xonalari va raqamli ustaxona joylashgan. Birinchi qavatda 8,3 ming kvadrat metrdan ortiq ko‘rgazma maydoniga ega muzey hamda 550 o‘rinli konferensiya zali mavjud. Ikkinchi qavat esa kutubxona, ilmiy bo‘limlar va xalqaro tashkilotlar ofislari uchun ajratilgan.

Majmuaning markaziy qismi Qur’on zalidan iborat. Bu yerda gumbaz ostiga 90 ta Swarovski toshi va 650 ta yoritgich yordamida yulduzli osmon gologrammasi o‘rnatilgan. Zal fondida turli davrlarga oid 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi, jumladan Usmon Mus’hafi hamda Temuriylar va Somoniylar davriga mansub nusxalar saqlanmoqda. So‘nggi yillarda fond 2 mingdan ortiq qadimiy manbalar bilan boyitilgan.

Davlat rahbariga madaniy boyliklarni qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham taqdim etildi. 2025-yilda Sotheby’s va Christie’s savdolarida 700 dan ortiq artefakt xarid qilingan. Ular orasida X asrga oid sarkarda Sebukteginning kumush lagani, Oltin O‘rda davri bezaklari hamda Amir Temur zamoniga oid Qur’on parchalarini uchratish mumkin. Yana qariyb 1 ming eksponat homiylar tomonidan topshirilgan.

Markaz kutubxona fondi 45 mingta bosma va 350 mingta elektron nashrni o‘z ichiga oladi. Binoda onlayn ishlash uchun ovoz o‘tkazmaydigan kabinalar va Sonic chair o‘rindiqlari o‘rnatilgan. Ko‘zi ojiz tashrif buyuruvchilar uchun 1 mingdan ortiq Brayl alifbosidagi kitoblar hamda avtomatik audiogid tizimi joriy etilgan.

Muzey infratuzilmasi xalqaro standartlarga moslashtirilgan: eksponatlar raqamli pasport va QR-kodlarga ega, ma’lumotlar sakkiz tilda taqdim etiladi. Binoda robot-gidlar va Bluetooth asosidagi navigatsiya tizimi ishlaydi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markaz kuniga 5 ming nafargacha mehmonni qabul qila oladi, to‘liq quvvatda esa 400 nafar xodim faoliyat yuritadi.

Tashrif yakunida Prezident loyiha milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy merosni asrash yo‘lidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlar mahsuli ekanini ta’kidladi hamda Faxriy mehmonlar kitobiga yozuv qoldirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Uzbekistan Airports” 10 yillik rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish uchun tender e’lon qildi
/
“Uzbekistan Airports” 10 yillik rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish uchun tender e’lon qildi
Evgeniy Nastradin Beeline Uzbekistan bosh direktori etib tayinlandi
/
Evgeniy Nastradin Beeline Uzbekistan bosh direktori etib tayinlandi
Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoldi
/
Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoldi