“Ipoteka bank”ga vaqtincha yangi boshqaruv raisi tayinlandi
Adam Sentpeteri bunga qadar bankda strategiya va moliya bloki rahbari hamda boshqaruv raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan
“Ipoteka bank” aksiyadorlari qaroriga ko‘ra, Adam Sentpeteri bank boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida ma’lum qilindi.
Avvalroq bank matbuot xizmati 2026-yil 1-iyuldan boshlab bankni 2024-yildan buyon boshqarib kelgan Sandro Rtveladze o‘z lavozimini tark etishini e’lon qilgandi.
Sandro Rtveladze “Ipoteka bank” boshqaruv raisi sifatida 2024-yil iyun oyidan buyon faoliyat yuritib kelgan. U bank xususiylashtirilganidan keyingi transformatsiya jarayonlarida ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, OTP Bank 2023-yilda “Ipoteka bank”ning 75% ulushini $243 mln evaziga sotib olgan. Kelishuvga ko‘ra, qolgan 25% ulushni ham uch yil davomida bosqichma-bosqich xarid qilish rejalashtirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sandro Rtveladze bilan birga bank kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi Tatyana Dogan ham lavozimini tark etgan.
Adam Sentpeteri 2023-yil iyul oyidan buyon “Ipoteka bank”da strategiya va moliya bloki rahbari hamda boshqaruv raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, u 1972-yilda tug‘ilgan. 1996-yilda Korvinus iqtisodiyot universitetida moliya va axborot menejmenti bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. 1997-yilda ELTE universitetida huquq magistri (LLM), 2007-yilda esa Markaziy Yevropa universitetida (CEU) PhD darajasini qo‘lga kiritgan.
Faoliyati davomida ELTE universitetida dotsent bo‘lib ishlagan, shuningdek, CEU, Korvinus va ELTE universitetlarida ekonometrika, operatsion tadqiqotlar, biznes huquqi hamda huquq va iqtisodiyot fanlaridan dars bergan.
U OTP Group’ga 2005-yilda makroiqtisodiy tahlilchi sifatida qo‘shilgan. Keyinchalik chakana biznes, strategiya va moliyaviy nazorat yo‘nalishlarida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shuningdek, OTP Bank Ukraine kuzatuv kengashi hamda OTP Bank Russia direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ