IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish narxlari oshirilmadi — Bojxona qo‘mitasi
Noqonuniy olib kirilgan telefonni ro‘yxatdan o‘tkazishda bojxona qiymatining 30% miqdorida to‘lov undiriladi
Ijtimoiy tarmoqlarda mobil qurilmalar uchun IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi oshishi haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb xabar qildi Bojxona qo‘mitasi.
Xususan, avvallari $30−$40 bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi hozir $100 dan $400 gacha turadi.
Bugungi kunda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov BHMning 20% i — 75 ming so‘mni tashkil etadi.
Ushbu miqdorda hech qanday oshish yuz bermadi, — ta’kidladi Bojxona qo‘mitasi.
Tashkilotning fikricha, narxlar oshishi haqidagi mish-mishlar ortida telefonlarni noqonuniy olib kirishga aloqador shaxslar turibdi.
Shu tariqa ular UZIMEI tizimi ortiga yashiringan holda telefonlarning yuqori narxini xaridorlarga oqlashga urinmoqda, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Qo‘mittaning eslatishicha, qonuniy ravishda olib kiriladigan qurilmalar SIM-kartalar soni yoki eSIM mavjudligidan qat’i nazar, import qiluvchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
2025-yil boshidan buyon O‘zbekistonga rasman qiymati $188 mlnlik 1,8 mln donadan ortiq mobil telefon import qilingan. Shu bilan birga, bojxona organlari tomonidan umumiy qiymati 16,4 mlrd so‘mlik 44 ming donadan ortiq telefonlarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgan.
gar qurilma noqonuniy olib kirilgan yoki deklaratsiyalanmagan bo‘lsa, IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazishda telefon bojxona qiymatining 30% miqdorida yagona bojxona to‘lovini to‘lash kerak. Aynan mana shu to‘lovni go‘yoki “IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish uchun to‘lov” tarzida talqin qilishmoqda, deya ta’kidladi tashkilot.
Agar siz norasmiy manbalardan sotib olayotgan va tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan telefonning bojxona qiymati, aytaylik, $1 ming bo‘lsa, demak $300 miqdorida yagona bojxona to‘lovi to‘langanidan keyingina, u UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi, — aniqlik kiritdi BQ.
Bojxona qo‘mitasining tavsiyalari:
- Telefonlarni import qilishda barcha qurilmalar IMEI kodlari bilan birga yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsating;
- Agar yoningizda ikkitadan ortiq telefon bo‘lsa, ularni bojxona kirim orderi bo‘yicha tegishli bojxona to‘lovlarini to‘lagan holda olib kirishingiz mumkin;
- qurilmalarni sotib olayotganda, IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshiring va faqat rasmiy sotuvchilardan sotib oling;
- Agar qurilma faqat bitta SIM-karta bilan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa va eSIM ma’lumotlar bazasida chiqmasa, bu noqonuniy importdan darak berishi mumkin va bunday qurilmalarga rasmiy xizmat ko‘rsatilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ