O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini oshirishni rejalashtirmoqda
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik urug‘chilik, go‘sht yetkazib berish va jut yetishtirish yo‘nalishlarida rivojlantiriladi
O‘zbekiston va Hindiston qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoatidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Toshkentga tashrifi doirasida bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri urug‘chilik hisoblanadi. O‘zbekistonda Hindistonning qishloq xo‘jaligi kompaniyalari faoliyat yuritmoqda va yangi ekin navlarini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Xorazm viloyatida sho‘rga chidamli paxta navlari 12 ming gektar maydonda sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, sabzavot va ozuqa ekinlarining yangi urug‘lari O‘zbekistonga olib kelinmoqda. Ikki davlat mutaxassislari qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda.
Hindistondan go‘sht importi oshiriladi
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi go‘sht sanoati bo‘ladi. O‘zbekiston Hindistondan nisbatan arzon go‘sht yetkazib berishni ko‘paytirishga qiziqish bildirmoqda.
Ibrohim Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, Hindiston kompaniyalari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etilgan. Jumladan, Allana Group bilan kelgusi yillarga mo‘ljallangan yirik rejalar ishlab chiqilgan va Hindiston Bosh vazirining tashrifi doirasida qator yangi kelishuvlarga erishilgan.
Hamkorlik faqat go‘sht importi bilan cheklanmaydi. O‘zbekistonda Hindiston kompaniyalari ishtirokida go‘sht ishlab chiqarish loyihalarini ham amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston $359,5 mlnlik 72 ming tonna mol go‘shti import qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 ming tonna yoki 9,1% ko‘p.
Importning eng katta qismi Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan — mamlakatdan 33,9 ming tonna yoki umumiy hajmning qariyb 47%i olib kirilgan. Shuningdek, Belarusdan 19,6 ming tonna, Qozog‘istondan 10,6 ming tonna va Pokistondan 4 ming tonna go‘sht import qilingan.
Hindistondan go‘sht importini kengaytirishda mahsulotning halollik talablariga muvofiqligini ta’minlashga ham e’tibor qaratiladi. Buning uchun tegishli halol sertifikatlari talab qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston korxonalari Hindistonda go‘shtni tayyorlash va so‘yish jarayonlarida ishtirok etishi, keyinchalik tayyor mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilmoqda.
Logistika masalasida esa yetkazib berishni Turkiyadagi Mersin porti orqali rivojlantirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekistonda jut 50 ming gektargacha yetishtiriladi
O‘zbekiston va Hindiston hamkorligining yangi yo‘nalishlaridan biri jut yetishtirish bo‘ladi. Ushbu texnik ekin tabiiy tola olishda qo‘llanadi.
Hozirda O‘zbekistonda qariyb 2 ming gektar maydonda jut yetishtirilmoqda. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tabiiy tolani import qilish uchun yiliga qariyb $30 mln sarflaydi.
Jut tolasidan paxta bilan birgalikda yangi turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.
Abdurahmonovning ta’kidlashicha, Hindiston bilan hamkorlikda jut yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Kelgusi yillarda ushbu ekinni kamida 50 ming gektar maydonda yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Taqqoslash uchun, Hindistonda jut taxminan 1 mln gektar maydonda yetishtiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ