Janubiy Koreya kompaniyasi Farg‘onada avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi
Loyihaga $30 mln sarmoya yo‘naltirilib, 200 dan ziyod ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan
Farg‘ona viloyatida Janubiy Koreyaning “Hansae Mobility” kompaniyasi tomonidan avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya katta ijrochi direktori Jong Day Vonni qabul qildi. Uchrashuvda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga oid yirik sanoat loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, Quvasoy shahri “Pakana” MFY hududidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga $30 mln sarmoya yo‘naltirilib, birinchi bosqichda 100 ta, jami 200 tadan ziyod ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Muloqotda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Koreya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidlab, uning kelgusida samarali faoliyat olib borishiga ishonch bildirdi, — deyiladi xabarda.
Oktabrda Xayrullo Bozorov Janubiy Koreyada amaliy tashrifi chog‘ida “Hansae Mobility” kompaniyasi ijrochi direktori Von Jongdae bilan uchrashib, Farg‘onada avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish loyihasini boshlash bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgandi. Yakunda Farg‘ona viloyati va ushbu kompaniya o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.
“Hansae Mobility” — Koreyaning “Hansae Group” tarkibidagi kompaniya bo‘lib, 1982-yilda kichik tikuv fabrikasi sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda Hansae Group” dunyo miqyosidagi yetakchi moda va tekstil mahsulotlari eksport qiluvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ