BMT ishchi guruhi: Gulnora Karimovani hibsga olish qonunga zid bo‘lgan
O‘zbekiston bu xulosalarni bir tomonlama deb baholab, sud jarayonlari qonuniy tarzda o‘tkazilganini ta’kidladi

Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi tomonidan e’lon qilingan hukumat bayonotida ma’lum qilindi.
Bayonotda BMT Inson huquqlari kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan Gulnora Karimovaning jinoiy javobgarlikka tortilishi yuzasidan qabul qilingan 17/2025-sonli mulohazasiga javoban bir qator ma’lumotlar keltirildi.
Unga ko‘ra, Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini inobatga olgan holda qo‘zg‘atilgan hamda ko‘rib chiqilgan.
Himoyaga bo‘lgan huquq va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ta’minlangan. Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan. Jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan.
Gulnora Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari vakolatli sudlar tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini g‘ayriqonuniy o‘zlashtirish, firibgarlik va davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida chiqarilgan.
Uning 2014-yilda go‘yoki o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ila saqlangani, ‘oshxonadagi sud’ va boshqa shu kabi da’volar asossizdir. Barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgan, deyiladi bayonotda.
ayd etilishicha, hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston hukumati mazkur ish bo‘yicha siyosiy sabablar mavjudligi to‘g‘risidagi da’volarni qat’iyan rad etdi. Bildirilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining barcha harakatlari faqat sudlanuvchining jinoiy harakatlarni sodir etishdagi aybini to‘liq tasdiqlovchi huquqiy va daliliy jihatlarga asoslangan bo‘lib, uning qonuniy iqtisodiy faoliyati va/yoki siyosiy mavqei yoki qarashlariga daxl qilmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ