“G‘ishtko‘prik” chegara posti 2026-yilning yozida ochilishi rejalashtirilmoqda
Shuningdek, Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi post ochilgani haqidagi xabarlarni rad etdi
Foto: Bojxona Qo’mitasi
O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasida joylashgan “G‘ishtko‘prik” (Chernyayevka) chegara bojxona posti 2026-yil yozida ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar qildi.
12-dekabr kuni O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan “Kazigurt” hamda Turkmaniston bilan chegaradagi “Temir-bobo” yangilangan avtomobil o‘tkazish punktlari foydalanishga topshirildi.
Modernizatsiya dasturi Xitoy, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarda joylashgan jami 9 ta o‘tkazish punktini qamrab oladi. Jumladan, “Kaplanbek”, “Atameken”, “Koljat” va “Alakol” punktlarida ishlar yakunlangan. Yil oxirigacha esa “Tajen”, “Maykapchagay” va “Baxti” punktlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Yangilangan “Kazigurt” o‘tkazish punktida transport vositalarini avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi, zamonaviy skaner uskunasi, og‘irlik va gabarit nazorati tizimlari, shuningdek, rentgen-televizion qurilmalar, teplovizorlar hamda radiatsiya nazorati vositalari joriy etilgan.
Harakat oqimlari piyodalar, yengil va yuk avtomobillari uchun alohida ajratilgan. Yuk mashinalari uchun esa to‘xtamasdan texnik nazoratdan o‘tish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri koridorlar tashkil etilgan.
Aprel oyida O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan “Jibek joli” (“G‘ishtko‘prik”) o‘tkazish punktini keng ko‘lamda rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Yangi majmua umumiy maydoni 10 ming kv metr bo‘lgan ikkita zamonaviy yo‘lovchi terminali va avtotransport uchun yagona navesni o‘z ichiga oladi. Ishlar 2026-yil iyulida yakunlangach, punktning o‘tkazish qobiliyati sutkasiga 70 ming nafargacha odam va 2 mingtagacha yengil avtomobilga yetadi, — deyiladi xabarda.
12-dekabr kuni Toshkent viloyati Bojxona qo‘mitasi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, 5-fevraldan beri ta’mirlash ishlari tufayli yopiq turgan “G‘ishtko‘prik” NO‘P ochilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qilishicha, O‘zbekiston o‘z hududidagi NO‘Pni modernizatsiya qilish ishlarini yakunlagan va Qozog‘iston tomonidagi qurilish ishlari tugallanishini kutmoqda.
Noyabrda Qozog‘iston bilan chegarada rekonstruksiyalangan “G‘ishtko‘prik” posti O‘zbekistondagi ilk yengil avtomobillar uchun skaner bilan jihozlangani xabar berilgan edi. Ilgari faqat jismoniy shaxslar uchun foydalanilgan ikki qatorli “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi yo‘lovchi transport vositalari uchun ham joriy etiladi. Tirbandlikning oldini olish maqsadida 16 ta avtomobil yo‘laklari ochiladi, avtobuslar alohida yo‘laklar bo‘ylab harakatlanadi. Mazkur post orqali kuniga 1500 dan ortiq avtomashina va 50 mingdan ortiq yo‘lovchi bemalol o‘tishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ