IIB Toshkentda ijarada turmoqchi bo‘lgan talabalar firibgarlardan ogohlantirmoqda
Boshqarma, shuningdek, uy egasi bilan shaxsan uchrashgach shartnoma tuzishni tavsiya qildi

Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi talabalar va ularning ota-onalarini soxta uy ijarasi bilan shug‘ullanayotgan firibgarlardan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, o‘quv yili boshlanish arafasida respublikaning turli hududlaridan Toshkent shahriga kelayotgan talabalar va ularning yaqinlarini firibgarlar tomonidan aldash holatlari ko‘paymoqda. Bu holatlar, asosan, internetga joylashtirilgan arzon ijara uylar e’lonlari orqali amalga oshirilmoqda.
IIBBga ko‘ra, firibgarlar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan xonadonlarning suratlarini internetga joylab, arzon narxda ijaraga berish taklifini bildirishadi. Talabalar va ularning ota-onalari shunday narxlarni ko‘rib, uyni olish maqsadida aloqaga chiqadi.
Firibgarlar esa uyni saqlab qo‘yish yoki 2 oylik to‘lov kerak, deb oldindan pul talab qiladi. Biroq to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng ular aloqani uzib, ijtimoiy tarmoqlarni bloklaydi. Oqibatda uy ham, to‘langan pul ham qolmaydi.
Shu sababli poytaxt IIBB hech qachon uyni ko‘rmasdan turib, oldindan to‘lovni amalga oshirmaslikni tavsiya qildi.
Har qanday ijara shartnomasini faqat uyni shaxsan ko‘rib, egasi bilan shaxsan uchrashgach tuzing. Shaxsiy ma’lumotlarni ishonch hosil qilmaguncha begona shaxslarga yubormang. Yaqinlaringizni ham ogohlantiring, — deyiladi boshqarma xabarida.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ