O‘zbekistonda fermerlarga paxta va quyosh panellari xarajatlari qoplab beriladi
Talabgor subsidiyani olish uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali ariza yuborishlari mumkin

Hukumat qarori (468-son, 28.07.2025 y.) bilan “In-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom tadbirkorlarga muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Subsidiyalar quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
- yangi intensiv bog‘ barpo etgan talabgorga hamda dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga ekilgan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan “in-vitro” sharotida ko‘paytirilgan payvandtagli meva ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining 50%i, biroq har bir meva ko‘chatiga 25 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
- muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan uzumning danaksiz va yangi nav ko‘chatlariga 7,5 ming so‘mdan, mahalliy tok ko‘chatlariga 2 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.
Talabgor subsidiyani olish uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali quyidagilarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:
- sog‘lom, viruslardan holi bo‘lgan «in-vitro» laboratoriyasida ko‘paytirilgan payvandtagli ko‘chatlarning muvofiqlik sertifikati nusxasi;
- talabgor bilan “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi nusxasi;
- ko‘chatlar sotib olingani bo‘yicha hisob-faktura, “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligining tavsiyasi va muvofiqlik sertifikati bo‘yicha 3-yillik kafolat xati.
Ishchi guruh hujjatlarni 3 ish kunida joyiga chiqqan holda o‘rganadi va subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi yoki rad etish to‘g‘risidagi xulosani tasdiqlaydi.
Kapital.uz avvalroq paxta yetishtirish uchun olingan kreditning bir qismi subsidiya sifatida qaytarilishi haqida xabar bergandi.
Bu haqdagi nizom paxta xomashyosini yetishtirish uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining kredit resurslari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 4% ini subsidiya sifatida qaytarish tartibini belgilaydi.
Subsidiya oluvchi paxta xomashyosini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlar va hisoblangan foiz to‘lovlarini hosil yilining 31-dekabriga qadar to‘liq qaytargan bo‘lishi kerak.
Arizalar tijorat bankining Bosh ofisi “Subsidiya.mf.uz” portali orqali yuboriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ