O‘zbekistonda “Enterprise Uzbekistan” — Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi

Yangi tuzilmaning maxsus huquqiy rejimi Angliya va Uels qonunchilik tamoyillariga asoslanadi

O‘zbekistonda “Enterprise Uzbekistan” — Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi “Enterprise Uzbekistan” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihaning asosiy maqsadi — IT-sohasiga investitsiyalar jalb qilish va xalqaro raqobatbardosh raqamli ekotizim yaratish. Shuningdek, innovatsion va raqamli yechimlarni joriy etayotgan mahalliy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

Enterprise Uzbekistan Toshkentdagi IT Park infratuzilmasi bazasida joylashadi. Yangi markazning yagona aksiyadori sifatida Texnopark Direksiyasi belgilandi. Markaz faoliyatini boshqarish Prezident raisligidagi maxsus Kengashga yuklatiladi.

Markaz hududida maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi. U Angliya va Uelsning huquqiy normalariga, shuningdek, dunyodagi yetakchi moliyaviy markazlarda qo‘llaniladigan tamoyillarga asoslanadi.

Markaz rezidentlari quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi:

  • dasturiy ta’minot yaratish;
  • IT-konsalting va autstaffing xizmatlari ko‘rsatish;
  • masofaviy xizmatlar, jumladan BPO xizmatlari;
  • videoo‘yinlar (GameDev) va tegishli mediakontent ishlab chiqish;
  • grafik, audio va video mahsulotlarni yaratish va montaj qilish;
  • sun’iy intellekt tizimlarini loyihalash va rivojlantirish;
  • ma’lumotlarni qayta ishlash, saqlash va bulut xizmatlari bilan ishlash;
  • axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim dasturlari tashkil etish.

Rezidentlar uchun “yagona darcha” tamoyili joriy etiladi. Markazda valyuta tartibga solish va bank xizmatlari bo‘yicha alohida qoidalar tasdiqlanadi. Shuningdek, sug‘urta va qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalar tartibi ishlab chiqiladi. Hududda ingliz tilini biladigan xodimlardan iborat maxsus soliq inspeksiyasi tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda “Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Endilikda uyda taʼlim oladigan oʻquvchilarga dars beruvchi pedagoglarga yoʻl puli toʻlanadi
/
Endilikda uyda taʼlim oladigan oʻquvchilarga dars beruvchi pedagoglarga yoʻl puli toʻlanadi
Oliy sud Toshkent viloyatidagi Maxam-Chirchiq kimyo zavodi faoliyatini to‘xtatdi
/
Oliy sud Toshkent viloyatidagi Maxam-Chirchiq kimyo zavodi faoliyatini to‘xtatdi
2026-yildan o‘zini o‘zi band qilganlar va YATTlarga soliq hisoboti soddalashtiriladi
/
2026-yildan o‘zini o‘zi band qilganlar va YATTlarga soliq hisoboti soddalashtiriladi