O‘zbekiston xalqaro brendlarning mehmonxona xonalar fondi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylanadi
CMWP prognozlariga ko‘ra, 2026-yilga kelib mamlakatda 8,3 mingdan ortiq mehmonxona xonalari bo‘ladi — bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi
CMWP tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilga borib O‘zbekiston taklif hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘ringa chiqadi va Qozog‘istonni ortda qoldiradi. Bu haqda kompaniya sharhida qayd etilgan.
2025-yil holatiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda xalqaro brendlar tomonidan boshqariladigan umumiy mehmonxona xonalari fondi 12,7 ming birlikni tashkil etadi. Bozorning asosiy ulushi (90%) yirik operatorlar — Accor, Hilton, Marriott, Wyndham, IHG, Hyatt va Radisson tasarrufida. Ayni paytda taklif hajmi bo‘yicha yetakchi Qozog‘iston bo‘lib, uning ulushi 57% ni tashkil etadi. O‘zbekistonning ulushi 35%, Qirg‘iziston va Tojikistonning umumiy ulushi esa 9% ga teng.

Shu bilan birga, O‘zbekiston eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish qilmoqda: 2020-yildan buyon mamlakatdagi tarmoqli mehmonxona xonalari soni 272 foizga oshgan. 2025-yilda 682 ta xona foydalanishga topshirildi, jumladan, Toshkentda Swissotel, Wyndham Garden va JW Marriott mehmonxonalari ochildi. Oxirgisi poytaxtdagi InterContinental’dan keyingi ikkinchi lyuks toifadagi obyektga aylandi.
Prognozlarga ko‘ra, 2026-yil oxiriga kelib O‘zbekiston 8 306 ta xonaga yetadi va mintaqada yetakchi o‘rinni egallaydi. 2025–2030-yillar davomida yana 5 835 ta xona ishga tushirilishi kutilmoqda, natijada umumiy fond 10,3 mingdan oshadi.
Bozor o‘sishi nafaqat poytaxtdagi obyektlar hisobiga, balki xalqaro brendlarning geografik kengayishi orqali ham ta’minlanadi. Beldersoy (Hyatt), Chorvoq (Wyndham, Accor), Chimyon va Xiva kabi hududlarda yangi loyihalar e’lon qilingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ