2026-yilda chorvachilik loyihalariga $157 mln yo‘naltiriladi
Ushbu mablag‘lar chorvadorlarga 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan 17% dan beriladi
Фото: пресс-служба президента
O‘zbekiston oziq-ovqat bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash uchun yil davomida doimiy intervensiya tizimini joriy etadi. Bu haqda 10 dekabr kuni “Ko’ksaroy” qarorgohida qishloq xo‘jaligi xodimlari bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bozorlardagi vaziyat tez o‘zgarayotgan bugungi sharoitda narx barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.
To‘g‘ri, kuz-qish uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilyapmiz. Endi bu ishni yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini ta’minlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etiladi, — dedi prezident.
Oziq-ovqat intervensiyasi — bu davlatning bozorga chiqib mahsulot xarid qilishi yoki sotishi orqali narxlarni muvozanatlash, taqchillikning oldini olish mexanizmi.
Agar un, yog‘, kartoshka va boshqa asosiy mahsulotlar narxi keskin oshsa, davlat oldindan xarid qilingan zaxiralarni bozorga chiqarib, arzon yoki belgilangan narxda sotadi. Agar narxlar keskin pasaysa va fermerlar zarar ko‘rish xavfi tug‘ilsa, davlat mahsulotni ko‘p miqdorda sotib olib, zaxira shakllantiradi.
Bundan oldin chorva ozuqalari, yog‘-moy ekinlari va kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdim etilgan edi. Jumladan:
- 2025-yildan fermerlarga hosil qiymatining 50 foizi miqdorida, yiliga 12% stavkada kredit beriladi;
- 8% dan yuqori bo‘lgan valyuta kreditlari foizining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi;
- kreditlar bo‘yicha 50% gacha davlat kafolati taqdim etiladi.
In-vitro laboratoriyalarida yiliga 10 mlndan ortiq virusdan xoli mini-tuganak kartoshka yetishtiriladi va urug‘chilik xo‘jaliklariga bepul beriladi.
Go‘sht va sut ishlab chiqarish hajmini oshirish
Prezident chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishini ko‘paytirishni asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rsatdi. 2025-yilda 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki import qilinishi rejalashtirilgan.
Paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlarga 20 sotikkacha maydonda yengil chorvachilik inshootlari qurishga ruxsat beriladi. Naslli chorva va kunlik jo‘jalar uchun subsidiyalar yana 5 yilga uzaytiriladi.
Yangi loyihalar uchun moliyalashtirish shartlari:
- $157 mln Jahon banki va IFAD mablag‘lari hisobidan yo‘naltiriladi;
- chorvadorlarga 10 yil muddatga, 17% stavkada kredit beriladi, shundan 3 yili — imtiyozli davr;
- qo‘shimcha ravishda Yaponiyaning JICA tashkiloti orqali $150 mln, Osiyo taraqqiyot bankidan esa $60 mln jalb qilinadi.
Shuningdek, 5 trln so‘mlik 1000 ta loyiha ishga tushiriladi, 167 tumanda fransuz modeli asosida 50–60 boshga mo‘ljallangan 340 ta kichik xo‘jalik tashkil etiladi.
Bog‘larni yangilash
Prezident intensiv bog‘larni keskin ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. Ular bir gektardan 50 ming dollargacha daromad keltirishi mumkin.
Mamlakatda hosildorligi past bo‘lgan 90 ming gektar eski bog‘lar mavjud bo‘lib, ularda hosil bir gektardan 10 tonnadan oshmaydi. Ularni yangilash va yangi plantatsiyalar barpo etish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinadi.
Bog‘bonlar uchun yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi:
- intensiv bog‘lar yaratish uchun 7 yilgacha, yillik 14% stavkada kredit, 3 yil imtiyozli muddat bilan;
- muzlatkich omborlariga kreditlar bo‘yicha 8% gacha kompensatsiya;
- eksport uchun mahsulot qadoqlash xarajatlarining 50% ini qoplash;
- sertifikatlangan ko‘chatlar qiymatining 50% i byudjetdan moliyalashtiriladi;
- shpalyerlar uchun 20 mingdan 70 ming so‘mgacha subsidiyalar beriladi.
Shuningdek, paxta va g‘alla sohasida bo‘lgani kabi bog‘bonlar ham o‘g‘it va yoqilg‘ini arzonlashtirilgan narxda xarid qila oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ