O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan 198,8 ming abonentga elektr energiyasi to‘lovlarini amalga oshirish vaqtincha cheklab qo‘yildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yil 5-fevral holatiga ko‘ra, idora umumiy qarzdorlik miqdori 108,9 mlrd so‘mni tashkil etgan 1,1 mln foydalanuvchiga SMS-xabarnomalar yuborgan. Fuqarolarga majburiyatlarni ixtiyoriy ravishda qoplash uchun 5 ish kuni muddat berilgan.
Mazkur davrda aholi tomonidan 12,7 mlrd so‘m to‘langan. Qarzdorligi yopilmagan va jami 15,8 mlrd so‘mni tashkil etgan abonentlarga elektr energiyasi bo‘yicha tranzaksiyalar cheklangan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, qarz to‘liq qoplangach, blokirovka avtomatik tarzda yechiladi.
Shu bilan birga, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ushbu choralar qonuniyligini tekshirishni boshladi. 2026-yil boshidan buyon regulyatorga 850 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Fuqarolar chiqindilarni olib chiqish jadvaliga rioya qilinmasligi, xizmat sifati pastligi hamda kvitansiyalarda sun’iy ravishda oshirilgan summalar haqida shikoyat qilmoqda. Eng ko‘p e’tirozlar Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan.
Qo‘mita Chiqindilarni boshqarish agentligiga rasmiy so‘rov yuborib, joriy etilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va asossiz hisob-kitoblarni tekshirishni talab qildi. Amaldagi qoidalar hamda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, xizmatlar sifatsiz ko‘rsatilgan yoki shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda abonent tegishli davr uchun to‘lovdan ozod etilishi mumkin. Idora vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.