O‘zbekistonda 2026-yilda kartoshka chipslari uchun aksiz solig‘i joriy etilishi mumkin
Shuningdek, ichimliklarga shakar miqdoriga qarab soliq qo'llashini rejalashtirilmoqda
zira.uz
O‘zbekistonda 2026-yilda kartoshka chipslari uchun aksiz solig‘i joriy etilishi mumkin. Bu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2026−2028-yillar uchun taqdim etilgan budjetnomada ilgari surilgan.
Unga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan boshlab iste’molga tayyor 1 kg kartoshka chipslari uchun 15 ming so‘m miqdorda aksiz solig‘ini joriy etish taklif etilmoqda. Ushbu aksiz solig‘i kartoshka chipslarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va O‘zbekiston hududiga tovarlarni olib kiruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, aprel oyidan e’tiboran shakar miqdoriga qarab ichimliklarga progressiv aksiz solig‘i joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Taklifga ko’ra, shakarli ichimliklarda:
- 100 ml ichimlikda 5 grammgacha shakar bo‘lsa — 1 litriga 500 so‘m (amaldagi stavka);
- 5–10 g oralig‘ida bo‘lsa — 1 litriga 515 so‘m;
- 10 g dan yuqori bo‘lsa — 1 litriga 535 so‘m to’lanadi.
Bundan tashqari, tarkibida shakardan boshqa shirinlashtiruvchi modda bo‘lgan ichimliklar — 1 litriga 500 so‘m, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar — 1 litriga 2 150 so‘m aksiz soligi undirilishi mumkin
Oziq-ovqat xizmatlari korxonalari va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan joyida tayyorlanib sotiladigan ichimliklar aksiz solig‘idan ozod bo‘ladi. Agar mahsulot qadoqlarida shakar miqdori ko‘rsatilmagan bo‘lsa, avtomatik ravishda eng yuqori soliq stavkasi qo‘llanadi.
Ta’kidlanishicha, mazkur takliflar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ortiqcha vaznga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining sog‘lom ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan va bu bo‘yicha boshqa davlatlar tajribalari o‘rganilgan.
Ma’lumot uchun, Budjetnoma Budjet kodeksining 96-moddasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, erishilgan natijalar hisobga olingan holda mamlakatni kelgusi davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini nazarda tutadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ