O‘zbekiston qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj bildirgan korxonalar ulushi 46,7% ga yetdi
Bundan tashqari, energiya, logistika va ishchi kuchiga talab oshdi
Markaziy bank 2025-yil IV chorak yakunlari bo‘yicha biznes kayfiyati sharhini e’lon qildi.
So‘rovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 60%i biznes sharoitlari yil davomida yaxshilanganini bildirgan. Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yil davomida 50% dan yuqori darajada saqlanib, tadbirkorlar ishonchi barqaror ekanini anglatadi.
Tadbirkorlar biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlar sifatida bank xizmatlari sifati va raqobat muhitining yaxshilanganini, litsenziya olish jarayonlari soddalashganini hamda ma’muriy aralashuvlar kamayganini qayd etgan. Shu bilan birga, monopoliyalashuv darajasi, soliq ma’murchiligi, energiya ta’minoti va bojxona tariflari bo‘yicha vaziyat o‘zgarishsiz qolgan.
Hisobot davrida iqtisodiy faollik ham oshdi. Energiya iste’moli, yuk tashish hajmlari va ishchi kuchiga bo‘lgan talab ortganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 53% ni tashkil etdi. Bu jarayon, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Sirdaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi Jizzax, Qashqadaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida oshgan bo‘lsa, Navoiy, Toshkent shahri, Sirdaryo va Samarqandda pasaygan. Tadbirkorlar energiya ta’minotidagi uzilishlar, xomashyo narxlarining oshishi, soliq tizimidagi murakkabliklar va aylanma mablag‘larning yetishmasligini asosiy muammolar sifatida ko‘rsatgan.
Bandlik bozorida ham faollik saqlanib qoldi. Qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj bildirgan korxonalar ulushi 46,7% ga yetdi. Kelgusi choraklarda Andijon, Namangan, Samarqand va Navoiy viloyatlarida ishchi kuchiga talab oshishi, ayrim hududlarda esa biroz pasayishi kutilmoqda.
Moliyaviy holat bo‘yicha tadbirkorlarning 47%i qarz majburiyatlari o‘zgarmaganini bildirgan. Shu bilan birga, kreditlarga ehtiyoj yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Ayniqsa, ishlab chiqarish, savdo, xizmatlar, turizm va ta’lim sohalarida kredit resurslariga talab yuqori ekani qayd etilgan.
O‘rta muddatli istiqbolda tadbirkorlar iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha ijobiy prognoz bildirmoqda. 2025-yil boshidan kuzatilayotgan optimizm IV chorakda ham saqlanib, respondentlarning 68%i kelgusida makroiqtisodiy sharoitlar yaxshilanishiga ishonch bildirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ