Endilikda OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorga imtiyozli kredit beriladi

Prezident OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit berish haqidagi qarorni imzoladi

Endilikda OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorga imtiyozli kredit beriladi

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Kredit Markaziy bank asosiy stavkasidan 4% punktga yuqori — amaldagi stavkaga ko‘ra, 18% (14+4) — yillik foiz stavkada taqdim etiladi.

Kreditning maqsadi — ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish.

Qarorga muvofiq, tadbirkorlar har bir mlrd so‘m qiymatgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida 1 nafar bitiruvchini ishga qabul qilishi shart. Tadbirkor va bitiruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi dastlabki 2 yil davomida bekor bo‘lsa, kredit foizi mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan sanadan boshlab tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi.

Ushbu xodim o‘rniga 1 oy muddatda boshqa bitiruvchi ishga qabul qilingan hollar bundan mustasnodir.

Shuningdek, qarorda bitiruvchilar o‘rtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi tashkil etish ko‘zda tutilgan. Tanlov g‘oliblariga kamida 2 nafar bitiruvchini ishga olish majburiyati bilan 1 mlrd so‘mgacha grant ajratilishi belgilangan.

Avvalroq prezident bitiruvchilarning ko‘pchiligi katta kredit olib, qaytara olmasligidan xavotir olayotgani uchun imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchini ishga olgan korxonalarga ham berish taklifini ma’qullagandi.

Bundan tashqari, yangi o‘zgarish haqida ham avgust oyida prezident ishtirokidagi yig‘ilishda so‘z borgan. Uchrashuvda O‘zbekistonda ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab, tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha 18% li kredit berilishi aytilgandi. Bu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki oliygohni tugatganiga 3 yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham amal qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
/
Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi
/
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi
O‘zbekiston va Xitoy agrar sohada $130 mlnlik loyihalarni ishga tushiradi
/
O‘zbekiston va Xitoy agrar sohada $130 mlnlik loyihalarni ishga tushiradi