AQSH hukumati O‘zbekiston bilan yaqinda imzolangan bitimlar sohasini ochiqladi
Kelishuvlar sanoat, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar va xavfsizlik sohalarini qamrab olgan
AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi doirasida erishilgan bitimlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 6-noyabr kuni Vashingtonda Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlariga va AQSh kompaniyalariga milliardlab dollar sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Kelishuvlar sanoat, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar va xavfsizlik sohalarini qamrab olgan.
Xususan, mineral resurslar va energetika sohasida:
- birgalikda aniqlangan mineral konlardan foydalanish huquqini birinchi navbatda AQSh kompaniyalariga berish bo‘yicha bitim;
- AQSh kompaniyalarining muhim minerallar va nodir metallar ta’minoti zanjirini mustahkamlash uchun AQSh va O‘zbekiston tomonidan $400 mlngacha bo‘lgan sarmoya kiritish bo‘yicha bitim;
- O‘zbekiston tomonidan Amerika energetika kompaniyalaridan kichik modulli reaktorlarni sotib olinishi bo‘yicha bitim;
- Aviatsiya sohasida hamkorlik doirasida O‘zbekiston $8,5 mlrdga 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotini sotib olishi bo‘yicha bitimlar;
- Qishloq xo‘jaligi sohasida keyingi uch yilda AQShdan $2 mlrdlik qishloq xo‘jaligi texnikasi, 2 mln tonna soya dukkakli mahsulotlari va 100 ming tonna paxta import qilish bo‘yicha kelishuvlar;
Sanoat va ishlab chiqarish sohasida:
- Keyingi uch yilda $5 mlrdlik avtomobil qismlarini import qilish, UzAuto Motors kompaniyasini xususiylashtirish jarayonida AQSh kompaniyalari ishtirokini kengaytirishni o‘rganish bo‘yicha bitim;
- Air Products kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda metanol ishlab chiqarish majmuasi qurilishi uchun $3 mlrd sarmoya kiritilishi bo‘yicha bitim;
- O‘zbekistonda mahalliy metanoldan olefin ishlab chiqarish, ko‘mirdan kimyoviy mahsulotlar olish va boshqa tashabbuslarni jadallashtirish bo‘yicha bitim;
Shuningdek, xavfsizlik va qonun ustuvorligi sohasida O‘zbekiston va AQSh xalqaro jinoiy tashkilotlarga qarshi kurashda ma’lumot almashish, noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi choralarni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashington shahrida AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. U AQSh bilan hamkorlikning to‘rt ustuvor yo‘nalishi sifatida energetika, strategik xomashyo, logistika va IT sohasini tilga oldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ