Mahalliy korxonalar uchun birjaga har oy kamida 10 ming tonna mis chiqariladi
Qazib olish hajmini oshirish maqsadida 57 ta maxsus texnika olib kelinishi belgilandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda rahbarlarga mahalliy xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, oltinni qayta ishlash uchun yaratilgan sharoitlar natijasida zargarlik sanoatida o‘tgan yilning o‘zida 3,3 baravar o‘sish kuzatilib, 13 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Joriy yilda ham ushbu yo‘nalishda 1,3 baravar o‘sishga erishish rejalashtirilgan.
Elektrotexnika tarmog‘ida yiliga 160 ming tonna misni chuqur qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsa-da, o‘tgan yili korxonalarga atigi 92 ming tonna xomashyo yetkazib berilgani qayd etildi. Shu bois qazib olish hajmini oshirish va rudadan olinadigan mis ulushini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun 57 ta maxsus texnika olib kelib, ruda qazib olish hajmini 46 mln tonnadan 64 mln tonnagacha yetkazish hamda mahalliy korxonalar ehtiyoji uchun birjaga har oy kamida 10 ming tonna mis chiqarish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ