Toshkentda avtobus bekatlari qurish uchun maydonlarni ijaraga berish boshlandi
Auksion 2-dekabr kuni o’tkaziladi

Toshkent shahar hokimligi tomonidan avtobus bekatlari joylashgan yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish uchun auksion o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Auksionga davlat-xususiy sheriklik asosida ishlashga tayyor bo‘lgan barcha tadbirkorlar ishtirok etishga taklif etiladi. Ijaraga oluvchilar hududda yagona konstruksiya va dizaynga qat’i mos keladigan bekatlarni o‘rnatishlari kerak.
Shuningdek, barcha bekatlar yoritish moslamalari, chiqindi qutilari, telefonlarni quvvatlash portlari, Wi-Fi uzatish nuqtalari va avtobuslarning kelish vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotga ega tablo bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Videokameralar va favqulodda chaqiruv tugmalarini o‘rnatish ham shart.
LED-ekranlarni o‘rnatish, tijorat binolari yoki qo‘shimcha inshootlarni qurish taqiqlanadi. Bunda ko‘chma elementli reklama materiallari (roll-up) va reklama pannolarini joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
Ijara shartnomasi uch yilga tuzilib, birinchi bosqichda umumiy maydoni 541 kv.metr bo‘lgan 8ta tumandagi uchastkalar yagona lotda ijaraga beriladi.
Lotning boshlang‘ich bahosi — yiliga 192,39 mln so‘m. Auksion joriy yilning 2-dekabr kuni soat 10:00da boshlanadi, arizalarni shu kuni soat 9:00gacha jo‘natish mumkin.
Auksionga qo’yilayotgan manzillar quyidagilar:
- Olmazor tumani — 22 kv.m;
- Bektemir tumani — 30 kv.m;
- Mirobod tumani — 60 kv.m;
- Mirzo Ulug‘bek tumani — 210 kv.m;
- Sergeli tumani — 20,44 kv.m;
- Uchtepa tumani — 20 kv.m;
- Chilonzor tumani — 169 kv.m;
- Shayxontohur tumani — 10 kv.m.
Ijara shartnomasi tuzilganidan keyin 4 oydan kechikmay foydalanishga topshirilishi talab etiladi. Hudud to‘siqsiz muhit standartlariga javob berishi, granit plitalardan tekis yuza hosil qilishi hamda bordyurlardan foydalangan holda bajarilishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ