Fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari va SIM kartalarni YIDXP orqali tekshirishi mumkin bo‘ladi
Bunday imkoniyat Yagona portalda 2026-yilning dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda fuqarolar o‘ziga nechta bank kartasi va SIM karta rasmiylashtirilganini tekshirib, ortiqchasini yoptirishi mumkin bo‘ladi.
Mamlakatning 2026-yilga moʻljallangan davlat dasturida belgilanishicha, bu xizmat 2026-yil dekabrdan YIDXPda yo‘lga qo‘yiladi. Fuqaro o‘zi nomiga nechta bank kartasi va nechta mobil aloqa raqami rasmiylashtirilganini faqat o‘zi ko‘rishi hamda zarur hollarda ushbu kartalar yoki raqamlarni bevosita Yagona portal orqali yopish uchun ariza yuborishi mumkin bo‘ladi.
Banklar va mobil aloqa operatorlarining axborot tizimlari bilan xavfsiz API orqali integratsiya o‘rnatish, real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkoniyatini yaratadi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish Markaziy bank, manfaatdor vazirlik va idoralar, aloqa operatorlari, tijorat banklariga yuklatildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi esa ijro uchun asosiy mas’ul bo‘ladi.
O‘zbekistonda muomalaga chiqarilgan jami bank kartalari 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 68 mln 267 ming donadan oshgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu uch yil avvalgidan qariyb ikki baravar ko‘p.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ