O‘zbekistonda avtomobillarni bojxonada birovning nomiga o‘tkazish cheklanishi mumkin
Tashabbusning maqsadi — bojxona nazoratidagi mahsulotlarni soliqdan chetlab rasmiylashtirishning oldini olishdan iborat

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bojxona ombori rejimidagi ayrim tovarlarni boshqa shaxsga o‘tkazishni cheklashga oid qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Asosiy e’tibor, avvalo, avtomobillarga qaratilgan.
Loyiha bilan Bojxona kodeksiga quyidagi norma qo‘shilishi rejalashtirilmoqda:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni boshqa shaxsga o‘tkazilishi taqiqlangan ayrim tovarlarni va holatlarni belgilashi mumkin, deyiladi hujjatda.
Hujjatga ko‘ra, qonun loyihasi 2025-yil 6-may kuni bosh vazir tomonidan berilgan 1725-sonli topshiriq asosida ishlab chiqilgan. Unda yengil avtomobillarni bojxona omboridan boshqa shaxslarga o‘tkazishga oid tartiblarni cheklovchi mexanizm ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi.
Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, tashabbusning maqsadi bojxona nazorati ostidagi mahsulotlarni soliq qonunchiligini chetlab o‘tib rasmiylashtirish bilan bog‘liq holatlarning oldini olishdan iborat.
Shu bilan birga, qonun loyihasiga ilova qilingan izohlarda bunday muammolar yuzasidan aniq faktlar keltirilmagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ