O‘zbekistonda ichki turizm uchun barcha aviatashuvchilarga subsidiya beriladi
Subsidiyalash miqdorini belgilash bo‘yicha maxsus komissiya tarkibi qayta tasdiqlandi

Foto: O’zbekiston havo yo’llari
Hukumat qarori bilan mahalliy aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi barcha rezident aviakompaniyalarga subsidiya ajratiladigan bo‘ldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining “Mintaqaviy aviatashuvlarni va ichki turizmni yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlarga Uzbekistan Airways uchun belgilangan maxsus tariflar va subsidiya miqdorlari barcha rezident aviakompaniyalarga tatbiq etishga rozilik berildi.
Aviachiptalar narxlari hamda subsidiyalanadigan aviaqatnov yo‘nalishlarini subsidiyalash miqdorini belgilash bo‘yicha maxsus komissiya tarkibi qayta tasdiqlandi. Komissiya 6 kishidan iborat bo‘lib, unga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim vaziri Aziz Abduhakimov raislik qiladi.
Maxsus komissiya — subsidiyalanadigan aviaqatnovlar chiptalari va aviqatnov yo‘nalishlarini hamda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan mahalliy yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha komissiya.
Shu munosabat bilan barcha rezident aviakompaniyalar maxsus komissiya tomonidan belgilangan mahalliy yo‘nalishlar va tariflar doirasida aviachipta sotishni yo‘lga qo‘yish hamda har oy yakuni bo‘yicha Transport vazirligining 2021-yil 14-oktyabrdagi 188-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan jadval shaklida Transport vazirligiga subsidiyalash uchun arizalar kiritishi mumkin.
Mahalliy aviaqatnovlarni subsidiyalash 2021-yil 1-iyundan boshlab yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2026-yil 1-yanvargacha davom etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ