Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga ta’lim va tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar beriladi

Shuningdek, tadbirkorlik kreditlari bo‘yicha xarajatlarning 6% davlat tomonidan qoplab beriladi

Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga ta’lim va tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar beriladi

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash va ularning jamiyatda mustahkam o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishini nazarda tutuvchi mutlaqo yangi yondashuv joriy etiladi. Harbiy qismlarning asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklaridan kelib chiqib, askarlar uchun 3–6 oylik kasbga tayyorlash dasturlari ishlab chiqiladi. Dastur yakunida askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Har yili 5 ming nafar askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi.

Shuningdek, askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qism hududida turib oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar xizmat muddati yakunlangach, oliygohda o‘qishni boshlaydi.

Armiyadan qaytib, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishni rejalashtirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikatlarini olish xarajatlari qoplab beriladi. Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

Bundan tashqari, armiyadan bo‘shagan yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida imtiyozlar belgilanadi. Xususan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatlarining 6% davlat tomonidan qoplanadi. Davlat tashkilotlariga ishga kirishda Boshqaruv samaradorligi agentligi test natijalariga 10% ustama ball qo‘llaniladi. Xususiy sektorda ishlashni tanlagan yoshlarga kasb egallash va sertifikat olish xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Shu bilan birga, muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Bu maqsadda harbiy-ilmiy bazani mustahkamlash va hududlarda harbiy texnoparklar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston armiyasida dronlar va robotlashtirilgan texnologiyalar joriy etish kengaytiriladi
/
O‘zbekiston armiyasida dronlar va robotlashtirilgan texnologiyalar joriy etish kengaytiriladi
2026-yilda mol-mulk solig‘i stavkalari qanday o‘zgardi
/
2026-yilda mol-mulk solig‘i stavkalari qanday o‘zgardi
2026-yilda “O‘zbekneftgaz”ga geologiya-qidiruv ishlari uchun 30 ta hudud ajratiladi
/
2026-yilda “O‘zbekneftgaz”ga geologiya-qidiruv ishlari uchun 30 ta hudud ajratiladi