Tramp O‘zbekiston kelgusi 10 yilda AQSHga $100 mlrddan ortiq investitsiya kiritishini ma’lum qildi
6-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Amerika kompaniyalari bilan 8 ta shartnoma imzolagan
Foto: Prezident matbuot xizmati
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi “ajoyib savdo-iqtisodiy kelishuv” haqida post qoldirdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi ajoyib savdo-iqtisodiy kelishuvni e’lon qilishdan mamnunman. Yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim tarmoqlariga qariyb $35 mlrd, kelgusi o‘n yilda esa $100 mlrddan ortiq investitsiya kiritadi va xaridlarni amalga oshiradi, — deyiladi postda.
Tramp, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali munosabatlarni intizorlik bilan kutishini yozib qoldirgan.

O‘zbekiston kompaniyalari va davlat idoralari AQSh kompaniyalari bilan bir qator shartnomalar tuzdi. Hujjatlar 6-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh savdo vaziri Xovard Latnik ishtirokidagi davra suhbati yakunlari bo‘yicha imzolandi.
Xususan, quyidagi hujjatlar imzolandi:
- Geologiya vazirligi va Denali Exploration group kompaniyasi o‘rtasida nodir yer elementlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda Re Element Technologies kompaniyasi o‘rtasida nodir metallar sohasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Flowserve kompaniyasi o‘rtasida nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Valmont Industries Inc kompaniyasi o‘rtasida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida bitim;
- Raqamli texnologiyalar vazirligi va Palo Alto Networks kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida bitim;
- Uzbekistan Airways va Boeing kompaniyalari o‘rtasida Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlariga qat’iy buyurtmani 14 tadan 22 tagacha oshirish bo‘yicha shartnoma;
- Datacrop (O‘zbekiston) va Luis Dreyfus Company (AQSh) kompaniyalari o‘rtasida soya dukkaklari va shrot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;
- “O‘zsanoateksport” va “Cargill” kompaniyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ