O‘zbekiston va AQSh investitsiya platformasini yaratish haqida bitim imzoladi
Bundan tashqari, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, muhim minerallarni qazib olish kabi sohalarda hujjatlar qabul qilindi
Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyevning 18-fevral kuni Vashingtonga amaliy tashrifi davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Investitsiya platformasini ishga tushirishdan maqsad — ustuvor loyihalarni tizimli ravishda ilgari surishdir.
Imzolash marosimi Shavkat Mirziyoyevning AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan o‘tkazgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
AQSh Eksimbanki tomonidan yirik industrial va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish, shuningdek, yuqori texnologik uskunalar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. DFC rahbariyati bilan yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetikani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Hujjatlarni imzolash
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash va qo‘shma loyihalar taqdimoti marosimida ishtirok etdi. Unda AQSh savdo vakili Jeymison Grir, AQSh prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli, Eksimbank rahbari Jon Yovanovich, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, Traxys, Valmont Industries, Gulf Oil, Aviagen Broiler Breeding Group, John Deere, BlackRock Financial Markets Advisory, Oppenheimer va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Uchrashuvda videoaloqa orqali O‘zbekiston hududlari hokimlari ham qatnashdi.
Yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim foydali qazilmalarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat majmuasini, moliya bozorini rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash to‘g‘risida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
“Bugungi kunda sheriklar ishonchli, qoidalar aniq-ravshan, hamkorlik esa uzoq muddatli bo‘lishi yetakchi o‘ringa chiqmoqda. Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorligimizni aynan shu mantiq asosida qurmoqdamiz”, — deb ta’kidladi u.
Shavkat Mirziyoyev muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va boshqa sohalarni AQSh bilan iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida sanab o‘tdi.
Shuningdek, u qo‘shma Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi salohiyatidan faol foydalanish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan kengashga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSh tomonidan esa Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil Serjio Gor rahbarlik qiladi.
Mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish uchun O‘zbekiston hududlari hokimlarining AQShdagi hamkor shtatlarga tashriflarini tashkil etish belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ
