Davaktivga “O‘zbekiston pochtasi”ni xususiylashtirish jarayonida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha taqdimnoma kiritildi
Amaldagi hukumat qaroriga muvofiq, davlat mulkini portalda e’lon qilmasdan savdoga chiqarish taqiqlanadi

Фото: UzPost
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga UzPost’dagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan taqdimnoma kiritdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston pochtasi” AJ (UzPost) tegishli prezident farmonlari bilan Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, uning 29,4% lik davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiyalar paketlari ro‘yxatidan joy olgan.
Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, davlat aktivlarini xususiylashtirish shaffoflik va qonuniylik, hisobdorlik, teng raqobat muhiti, shuningdek, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillarga asoslanishi lozim. Shu bilan birga, qonunchilikka muvofiq:
- xususiylashtirilayotgan davlat mulki haqidagi ma’lumotlardan tegishli qonunchilikda nazarda tutilgan usullarda erkin foydalanish imkoniyati yaratilishi (“Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi);
- Davaktiv agentligi ustav fondining kamida 50%i davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar va DUKlar ro‘yxatini Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirishi va har chorakda yangilab borishi (6247-sonli prezident farmoni 4-bandi) nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, hukumatning tegishli qarori bilan davlat mulki obyektlari to‘g‘risidagi axborotlarni portalga joylashtirmasdan savdoga chiqarishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Taqdimnoma Davaktivga yuqoridagilarni inobatga olib kiritilgan.
UzPost xususiylashtirilishi haqida
O‘zbekistonning 2025-yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturida UzPost’ning 29,4% aksiyalarini ommaviy savdolarga chiqarish rejalashtirilgandi. Sentabr oyida kompaniya Toshkentdagi pochta bo‘limlarining 50 ta binosini unga berish orqali ustav kapitalini oshirdi.
13-oktabr kuni Uzum raqamli ekotizimi Davaktiv agentligiga UzPost pochta operatorini xususiylashtirish bo‘yicha savdolarda ishtirok etish uchun ariza bilan rasmiy xat yuborib, pochta operatoridagi davlat ulushini sotib olish huquqi uchun tanlovda qatnashishga tayyorligini bildirgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ