Andijon va Termiz yo‘nalishlari uchun 8 ta Hyundai Rotem poyezdi sotib olinadi

Tomonlar Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda yangi yuqori tezlikdagi poyezdlarni yetkazib berish bo‘yicha texnik talablarni kelishib oldi

Andijon va Termiz yo‘nalishlari uchun 8 ta Hyundai Rotem poyezdi sotib olinadi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” va Transport vazirligi vakillari Janubiy Koreyada Hyundai Rotem kompaniyasi bilan zamonaviy elektr poyezdlarini xarid qilish masalasida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda temiryo‘l kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

2026-yil 10-iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov va Transport vazirligi boshqarma boshlig‘i Anvar Dushayev Hyundai Rotem kompaniyasi rahbari Li Yon Be bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Muzokaralar davomida tomonlar amaldagi kelishuvlarning ijrosi va qurilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdini ishlab chiqarish hamda O‘zbekistonga yetkazib berish jadvali masalasini muhokama qilgan.

Uchrashuvning asosiy mavzusi esa qo‘shimcha 8 ta yuqori tezlikdagi poyezdni xarid qilish bo‘yicha texnik talablarni yakuniy kelishishdan iborat bo‘lgan. Mazkur tarkiblar “Toshkent–Andijon” va “Toshkent–Termiz” yo‘nalishlarida muntazam yo‘lovchi qatnovlarini yo‘lga qo‘yishda foydalaniladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Hyundai Rotem poyezdlari haqida

Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan ilk yuqori tezlikdagi poyezd 2025-yil dekabr oyida dastlabki rejalashtirilgan muddatdan 1–2 oy oldin O‘zbekistonga yetkazib berilgan edi.

Mazkur harakat tarkibi mintaqaning iqlim sharoitlari, jumladan, kuchli issiq va qum bo‘ronlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, 1,2 ming kilometrdan ortiq masofalardagi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

2026-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi poyezdni sinovdan o‘tkazib, Samarqanddan Narpay tumanigacha safar qilgan edi. “Jaloliddin Manguberdi” nomini olgan yetti vagonli tarkib 390 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, VIP, biznes va ekonom toifalaridagi xizmatlarni taklif etadi hamda soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Mazkur elektropoyezdda Toshkent–Xiva yo‘nalishidagi muntazam qatnovlar 2026-yil 3-maydan yo‘lga qo‘yilgan. Reyslar haftasiga uch marta amalga oshiriladi, bir tomonga safar davomiyligi qariyb 7,5 soatni tashkil etadi.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari Ku Yun Chxol boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda Hyundai Rotem poyezdlarini xarid qilishni moliyalashtirish masalasini ham muhokama qilgan edi. Xususan, yetkazib berish xarajatlarini Janubiy Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlanish hamkorligi jamg‘armasi (EDCF) kredit liniyasi hisobidan moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,7% ni tashkil etdi
/
Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 19,7% ni tashkil etdi
O‘zbekistonda so‘m omonatlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 17,4% gacha pasaydi
/
O‘zbekistonda so‘m omonatlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 17,4% gacha pasaydi
O‘zbekistonda barcha asosiy xorijiy valyutalar arzonlashdi
/
O‘zbekistonda barcha asosiy xorijiy valyutalar arzonlashdi