O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida $25 mlndan ortiq farmatsevtika shartnomalari imzolandi
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishdi
Kobul shahrida o‘tkazilgan “Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy va savdo hamkorligini mustahkamlash” uchrashuvi yakunida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida umumiy qiymati $25 mlndan ortiq bo‘lgan 13 ta farmatsevtika savdo shartnomasi imzolandi. Bu haqda Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Uchrashuvda Islom amirligi rasmiylari, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari hamda har ikki davlat biznes doiralari ishtirok etdi. Tomonlar iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o‘zaro savdoni yengillashtirish va farmatsevtika sanoatida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur kelishuvlar sog‘liqni saqlash xizmatlarini yaxshilash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va tibbiy mahsulotlar bo‘yicha o‘zini o‘zi ta’minlash darajasini oshirishda muhim qadam hisoblanadi.
Mavlavi Hamdulla Zohid ushbu uchrashuvni qo‘shma hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat sifatida baholab, investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va zarur sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni vakili Abdulla Azizov esa farmatsevtika yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirib, imzolangan shartnomalarni ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdagi muhim qadam sifatida baholadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ