O‘zbekistonda 10 yilda 5 million sun’iy intellekt yetakchilari tayyorlanadi
Xususan, 2026-yilda 500 ming nafar o'quvchi dasturda o'qitiladi
Vazirlar Mahkamasining 31-dekabrdagi qarori bilan “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini amalga oshirish tartibi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu loyihani O‘zbekiston dekabr oyida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda ishga tushirdi. Marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va BAA hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulla al-Gergavi ishtirok etdi.
Loyiha “Bir million dasturchi” tashabbusining davomi bo‘ladi. 2026-yilda 500 ming nafar, 2035-yilgacha esa jami 5 million kishini o‘qitish rejalashtirilgan.
Har yili mazkur loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazib boriladi.
Bunda tanlov g‘oliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar, jumladan:
- 100 nafar o‘qituvchi $1 000 ekvivalentida pul mukofoti;
- 10 nafar o‘qituvchi xorijiy sayohatga yo‘llanma;
- 500 nafar yoshlar noutbuk;
- 500 nafar yoshlar qimmatbaho sovg‘alar;
- 3 ta oliy ta’lim tashkiloti pul mukofoti;
- 2 ta umumta’lim maktabi “Prezident sovg‘asi” — elektromobil bilan taqdirlanadi.
Loyihani muvofiqlashtirish uchun maxsus komissiya tasdiqlandi. U hududlar kesimida maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilaydi, tashabbusning joylarda amalga oshirilishini nazorat qiladi, ishtirokchilarni baholash tartibini tasdiqlaydi hamda mukofotlash bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.
Komissiya tarkibiga raqamli texnologiyalar vaziri rahbarligida yetti nafar a’zo, shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari o‘rinbosarlari, IT-ta’lim assotsiatsiyasi raisi hamda Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi direktori kiritildi.
“Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi Qoraqalpog‘iston va viloyat markazlarida kengaytiriladi. Loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:
- zamonaviy kasblar (IT loyiha menejeri, startap loyihalari menejeri) va xorijiy tillar bo‘yicha bepul ta’lim;
- xalqaro professional IT-sertifikatlarni olish uchun bepul kurslar;
- informatika, robototexnika, kibersport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etish.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ