5 grammli oltin quymasi narxi ilk bor 10 mln so‘mdan oshdi
Oy boshidan beri qimmatbaho metall qariyb 16%ga qimmatlashdi
26-yanvar kuni O‘zbekistonda oltin quymalarning narxi tarixiy rekordni qayd etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 5 grammli oltin quymasi ilk bor 10 mln so‘mdan oshdi.
Hozirda bir gramm oltinning narxi 2 007 280 so‘mni tashkil etmoqda. Dam olish kunlari davomida narx 2,49%ga oshgan. 5 grammli quymaning sotuv qiymati esa 10 mln 36 ming so‘mga yetib, avvalgi juma kungiga nisbatan 243 ming so‘mga qimmatlashdi.
Bundan ikki hafta avval, 12-yanvar kuni 5 grammli quymaning narxi ilk bor 9 mln so‘mlik psixologik chegaradan oshgandi. Yanvar oyining boshidan buyon mahalliy bozorda oltin qiymati 15,9%ga ko‘tarildi.
Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 26-yanvar holatiga oltin quymalarning sotuv va qayta sotib olish narxlari quyidagicha:
- 5 gramm — 10 036 000 so‘m;
- 10 gramm — 20 073 000 so‘m;
- 20 gramm — 40 146 000 so‘m;
- 50 gramm — 100 364 000 so‘m;
- 100 gramm — 200 728 000 so‘m.
Qayta sotib olish narxlari qadoq holatiga qarab farqlanadi.
Goldprice ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bozorida ham o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Oltinning troya unsiyasi narxi $5 066 ga (bir grammi $162,9) yetib, kunlik o‘sishi 1,55% ni tashkil etdi. Kumush ham o‘z mavqeini mustahkamlab, bir unsiyasi $107,6 atrofida savdolanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ