2030-yilga qadar “yashil” energiya ulushi 54% ga yetkaziladi — Prezident
Kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi investorlarga beriadi
Foto: daryo.uz
Prezident elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030-yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini ishga tushirish muhimligini ta’kidladi.
Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54% ga yetkaziladi. Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida $3,3 mlrd bo‘lgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ladi.
Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi. Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoqlar o‘tkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.
Bundan tashqari, kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etilishi ma’lum qilindi.
Yangi yilda Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi va 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi. Ushbu loyihalar hisobiga 80 mingta xonadonda elektr ta’minoti tubdan yaxshilanadi.
Kelgusi ikki yilda “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tgan korxonalari soni 100 taga yetkaziladi. Ayni vaqtda ular 17 tani tashkil qilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ