2026-yilda mol-mulk solig‘i stavkalari qanday o‘zgardi
Jismoniy shaxslar uchun soliq stavkalari oshirildi, yuridik shaxslar bo‘yicha hisoblash va hisobot tartibi yangilandi
Фото: «РИА Новости»
O‘zbekistonda mol-mulk solig‘ini hisoblash tartibi va stavkalari o‘zgardi. Bu haqda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi xabar qildi.
Soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar 2025-yil 25-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlandi. O‘zgarishlar 2026-yil uchun soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi hamda jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ining yangi stavkalarini joriy etuvchi qonunda mustahkamlangan.
| Soliq solish obyektlari | Stavka | |
| 2025-yil | 2026-yil | |
| Uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari (umumiy maydoni 200 kv.m gacha bo‘lganlarini qo‘shib hisoblaganda), ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari, shuningdek boshqa imoratlar, binolar va inshootlar | 0,34% | 0,36% |
| Umumiy maydoni 200 kv.m dan ortiq va 500 kv.m gacha bo‘lgan shaharlarda joylashgan uy-joylar va kvartiralar | 0,45% | 0,48% |
| Umumiy maydoni 500 kv.m dan ortiq bo‘lgan shaharlarda joylashgan uy-joylar va kvartiralar | 0,60% | 0,64% |
| Boshqa aholi punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.m dan ortiq bo‘lgan uy-joylar va kvartiralar, dala hovli imoratlari | 0,45% | 0,48% |
Yuridik shaxslar uchun asosiy soliq stavkasi 1,5% miqdorida saqlanib qoldi. Shu stavka bo‘yicha yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga ijaraga berilgan, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatida foydalanilayotgan ko‘chmas mulk ham soliqqa tortiladi.
Shu bilan birga, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘ini hisoblashda 1 kv metr uchun minimal qiymat oshiriladi:
- Toshkent shahrida — 3,53 mln so‘mgacha,
- Nukus shahri va viloyat markazlarida — 2,35 mln so‘mgacha,
- boshqa aholi punktlarida — 1,39 mln so‘mgacha.
Xalq deputatlari kengashlari ushbu qiymatlarga nisbatan pasaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash huquqini saqlab qoladi. 208 ta tuman va shahar bo‘yicha tasdiqlangan stavkalar jadvali Hukumat portalida e’lon qilingan.
Umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari uchun soliq stavkasi 0,65% dan 0,7% gacha oshiriladi. Shu stavka Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan tugallanmagan va konservatsiya qilingan obyektlarga ham qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisobotlarni proaktiv (avtomatik) tarzda shakllantirish tartibi joriy etiladi. Soliq organlari mavjud ma’lumotlar va soliq to‘lovchi tomonidan shaxsiy kabinet orqali kiritilgan axborotlar asosida hisobotlarni tuzadi. Soliq to‘lovchiga tuzatish kiritish uchun besh kun muddat beriladi, shundan so‘ng hisobot qabul qilingan hisoblanadi.
Shuningdek, yuridik shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berish shartlari kuchaytirilmoqda. Imtiyozlarni saqlab qolish uchun kompaniya sotilgan tovarlar va xizmatlardan olingan daromadni berilgan imtiyozlar summasidan yuqori darajada ta’minlashi, shuningdek, yil davomida o‘rtacha kamida uch nafar xodimga ega bo‘lishi va ularning ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan (2,542 mln so‘m) kam bo‘lmasligi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ