2026-yilda ish haqi, stipendiya, nafaqa va pensiyalarni oshirish uchun 6 trln so‘m ajratiladi

Hukumat to‘lovlarni prognoz qilingan yillik inflyatsiya darajasidan yuqori sur’atlarda indeksatsiya qilishni rejalashtirmoqda

2026-yilda ish haqi, stipendiya, nafaqa va pensiyalarni oshirish uchun 6 trln so‘m ajratiladi

O‘zbekiston hukumati yaqin yillarda fuqarolarning real daromadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun byudjet mablag‘larini yo‘naltirmoqchi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan qonun loyihasida aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish uchun 6 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Ushbu summaga ayrim xizmatlar narxlarining oshishi va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish bilan bog‘liq xarajatlar ham kiradi.

Asosiy maqsad — aholiga to‘lanadigan to‘lovlarni inflyatsiya darajasidan yuqori sur’atlarda oshirish. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekistonda iste’mol narxlari o‘sishi darajasi taxminan 7% ni tashkil qiladi.

Vazirlik byudjetga tushadigan yuklamalar bo‘yicha hisob-kitoblarni ham keltirgan: davlat xizmatchilari ish haqlarini atigi 1% ga oshirish uchun qo‘shimcha 1,7 trln so‘m talab etiladi. Pensiyalarni xuddi shu miqdorda indeksatsiya qilish esa byudjetga 832 mlrd so‘mga tushadi.

Ish haqiga doir xarajatlar hamon byudjetning eng katta bandlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2026-yilda maoshlar va ijtimoiy soliq uchun 172,8 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bu 2025-yil uchun tasdiqlangan ko‘rsatkichdan 18,5 trln so‘m ko‘p. Kutilishicha, ushbu to‘lovlar davlat byudjeti xarajatlarining 42,9% ini yoki YIMning 8,7% ini tashkil etadi.

Bundan tashqari, stipendiyalarni to‘lash uchun 2,2 trln so‘m ajratiladi. Pensiya to‘lovlari 86,1 trln so‘mni tashkil etadi, nafaqalarga esa 14 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Avvalroq ayni shu qonun loyihasi bilan 2026-yil byudjetdan davlat idoralariga qancha mablag’ ajratilishi ma’lum qilingandi. Eng yirik pul oluvchilar qatoriga Moliya vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mavjud.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda “eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar” reytingi joriy etildi
/
O‘zbekistonda “eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar” reytingi joriy etildi
Endilikda fuqarolar maosh olishda banklarni mustaqil tanlash huquqiga ega bo‘ladi
/
Endilikda fuqarolar maosh olishda banklarni mustaqil tanlash huquqiga ega bo‘ladi
Fuqarolar 2026-yildan to‘lagan soliqlari qanday sarflanayotganini kuzatishlari mumkin
/
Fuqarolar 2026-yildan to‘lagan soliqlari qanday sarflanayotganini kuzatishlari mumkin