2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi
Xususan, to‘lanayotgan soliqlarni nimalarga sarflanayotganini kuzatish uchun modul ishga tushiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar kuchga kiradi. Kapital.uz eng muhim o’zgarishlarni bir yerga jamladi.
Soliq
Soliq ro‘yxatidan o‘tmagan xorijiy onlayn platformalar cheklanishi mumkin
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritayotgan xorijiy onlayn kompaniyalarga cheklovlar qo‘llanadi. Ularga ro‘yxatdan o‘tish uchun 30 kun beriladi. Soliq qo‘mitasi fuqarolarning xorijiy kompaniyalarga qilgan to‘lovlari bo‘yicha anonim ma’lumotlarni olishni rejalashtirmoqda.
Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar 2 mlrd so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi. Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha mezonlar belgilangan bo‘lib, ular asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga Davlat budjetidan 2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ tegishlicha mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga ajratiladi.
Bunda ajratilgan mablag‘lar tegishli fuqarolar yig‘ini kengashi qarori asosida faqat ushbu mahalla hududi infratuzilmasini (ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilash, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va boshqa infratuzilma loyihalarini) yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.
Mol-mulk va yer solig‘ini undirishda ham elektr energiyasining billing tizimidan foydalaniladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab Namangan viloyatida jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va (yoki) yer solig‘i bo‘yicha umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshgan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanish joriy etiladi.
Tizim 2026-yil 1-oktabrga qadar eksperiment natijalari asosida boshqa hududlarda ham joriy etiladi.
O‘zbekistonliklar to‘layotgan soliqlari nimalarga sarflanayotganini kuzatishi mumkin bo‘ladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab “Ochiq budjet” axborot portalida jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan budjet xarajatlari ma’lumotlarini o‘zida aks ettiruvchi “Jismoniy shaxslarning soliqlari hisobidan xarajatlar” moduli ishga tushiriladi.
Bunda:
- jismoniy shaxs tomonidan muayyan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘g‘risidagi ma’lumot;
- to‘langan soliqlar evaziga Davlat budjetidan amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (xarajatlar yo‘nalishlari kesimida) doimiy ravishda e’lon qilib boriladi.
Gips qazib chiqarish solig‘i qisqartirilib, sement sotish talablari yumshatiladi
2026-yildan boshlab O‘zbekistonda gips xomashyosini qayta ishlovchi korxonalar uchun uni qazib chiqarish bo‘yicha soliq stavkasi ikki barobarga kamaytiradi. Shuningdek, sement zavodlariga mahsulotning bir qismini birja orqali sotish talablari yengillashtiriladi.
Issiqxona xo‘jaliklariga 1% li ijtimoiy soliq stavkasi qo‘llanadi
O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil yakuniga qadar issiqxona xo‘jaliklariga 1% li ijtimoiy soliq stavkasi qo‘llanadi. Issiqxona xo‘jaliklari uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun ularga yana bir qator soliq va kredit imtiyozlarini berish ko‘zda tutilgan.
Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi
2026-yil 1-yanvardan quyidagi shartlarga javob beradigan chet el fuqarolarining O‘zbekiston hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi chet el fuqarolarining daromadlarini soliqqa tortishning maxsus soliq rejimi joriy etiladi:
- $50 ming miqdorida maxsus yig‘im to‘lash;
- O‘zbekistondagi maxsus vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘ini yoki maxsus vakolatli kripto-birjada kripto-hamyon ochish.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonliklarga AQSh kompaniyalariga investitsiya qilishga ruxsat beriladi
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekiston rezidentlari uchun AQShda ro‘yxatga olingan kompaniyalarga investitsiya kiritishda hukumat ruxsatini olish talabi bekor qilinmoqda.
1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va korxonalari AQSh kompaniyalariga hukumat ruxsatisiz va pul mablag‘lari ularning O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlarida bo‘lgan taqdirda, chegaralanmagan miqdorda erkin investitsiya kiritishlari mumkin bo‘ladi.
Yagona QR kod orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi
O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi barcha korxonalar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilishda yagona QR kod joriy etiladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab barcha kompaniyalar banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qiladi.
2026-yildan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
Energiya samaradorligi loyihalari amalga oshirilgandan so‘ng ijtimoiy obyektlar xususiy sektorga berilishi mumkin bo‘ladi
2026-yildan boshlab ijtimoiy soha obyektlarida energiya samaradorligini oshirish loyihalari amalga oshirilgandan so‘ng ularning ekspluatatsiyasini davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim asosida xususiy sektorga berish amaliyoti joriy etiladi.
Davlat boshqaruvi
O‘zbekistonning 33 ta namunaviy tuman va shaharida davlat idoralari rahbarlarining rotatsiyasi joriy etiladi
1-yanvardan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 33 ta namunaviy tuman va shaharda hokimiyat hamda boshqaruv organlarining bo‘lim rahbarlari, shuningdek, hokimlar va o‘rinbosarlari rotatsiyasi joriy etilmoqda. Qolaversa, xodimlarning korrupsiyaga chidamliligini baholash va kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimi yangilanmoqda.
Hokimlarga ko‘proq vakolat beriladi. Hududlarda to‘qqizta vazirlik va idora bo‘linmalari hokimliklar tarkibiga o‘tadi
2026-yildan boshlab tajriba-sinov tariqasida 45 ta tuman va shahar hokimliklari tuzilmasiga to‘qqizta vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari o‘tkaziladi.
Ushbu davrda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman va shahar bo‘linmalari amaldagi maqomini, xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlarini saqlab qoladi. Tuman va shahar hokimlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining bo‘linmalari faoliyati ustidan bevosita rahbarlikni amalga oshiradi. Hokimlarga bo‘linmalar xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, ularga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish huquqi beriladi.
Davlat organlari oshxonalarida shirin va yog‘li taomlar taqiqlanadi
2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat idoralaridagi oshxonalardagi ovqatlanish to‘liq autsorsingga o‘tkaziladi. Ularda sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini joriy etish, shirin, yog‘li va unli mahsulotlar hamda boshqa turdagi zararli taomlarni sotishni cheklash bo‘yicha topshiriq berildi.
Yangi davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yilga tuziladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab yangi davlat xizmatchilari bilan dastlab 1 yillik mehnat shartnomasi tuziladi, faoliyatining ijobiy natijalari bo‘lsa, u doimiy shartnomaga aylantiriladi. Iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash hamda tanlash bo‘yicha “TOP-100” dasturi joriy etiladi.
Tadbirkorlik
Xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 10 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi
2026-yil 1-yanvardan xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirishga 24% lik (Markaziy bank foiz stavkasi + 10% punkt) imtiyozli stavkada BHMning 25 ming baravarigacha yoki 10,3 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Shuningdek, “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” bank kreditlarining 70% igacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etadi.
YATTlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi
2026-yil 1-yanvardan YATTlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi. Shuningdek, tadbirkorlarning birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda ushbu ma’lumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar YATT guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda bepul kiritiladi.
Ilk marta QQS to‘loviga o‘tgan tadbirkorlarga qator imtiyozlar beriladi
2026-yildan ilk marta QQS to‘loviga o‘tgan tadbirkorlar 1 yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi, QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi. Shuningdek, soliq majburiyatlarini bajarishning proaktiv tartibi joriy etiladi.
YATT va o‘zini band qilganlar uchun aylanma solig‘i 1% gacha pasaytiriladi
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% miqdorida belgilanadi.
Bugungi kunda agar bir kalendar yilida mahsulot va xizmatlarni sotishdan tushgan daromad 100 mln so‘mdan oshsa, YATT aylanma solig‘i to‘lashga o‘tishi shart. Soliq stavkasi aylanmaning 4% ni tashkil qiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun faoliyat turlari ro‘yxati qisqartiriladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 104 tadan 72 taga qisqaradi. Sartaroshlik, repetitorlik, foto-videochilik, kopirayterlik va boshqalar ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi. Ammo uchta yangi ish, jumladan, marketpleyslarda savdo qilish kiritiladi.
Qurilish
Ulushli qurilish sohasida eskrou hisoblari ommaviy joriy etiladi
Prezident tomonidan imzolangan farmon bilan qurilishga ulush kiritish faqat notarial tasdiqlangan shartnoma asosida amalga oshirilishi belgilangan edi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab, qurilishni moliyalashtirishning yagona yo‘li eskrou hisob tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari uchun soliqlar bozor narxida hisoblanadi
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.
Qurilish va savdo sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-kassa texnikasi cheklari, bojxona yuk deklaratsiyalari, notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomalari va boshqa hujjatlar) hisobini yuritishi shart. Ushbu operatsiyalar amalga oshirilganidan keyin 15 kun ichida soliq organlarining ma’lumotlar bazasida shaxsiy kabinet orqali aks ettirilishi talab etiladi.
Ko‘p qavatli uylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish loyihasini qayta rasmiylashtirish taqiqlanadi
2026-yil 1-yanvardan qurilishi boshlangan ko‘p kvartirali uy-joylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish, balandligini oshirish uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish, ekspertizadan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi.
Yangi qurilayotgan turar joy majmualari nomi o‘zbekcha bo‘lishi talab etiladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab qurilayotgan turar joy majmualari nomlari davlat tilida bo‘lishi, davlat tili qoidalari va me’yorlariga rioya etishi lozim. Bundan tashqari, obyekt pasporti, peshlavhalar va qurilish maydonining vaqtinchalik to‘siqlaridagi boshqa yozuvlar davlat tilida bo‘lishi talab qilinadi. Qurilayotgan obyektlar haqidagi reklama va e’lonlarda davlat tilidan foydalanish majburiy hisoblanadi.
G‘ishtdan voz kechish rag‘batlantiriladi
2026-yildan O‘zbekistonda g‘isht ishlab chiqarish solig‘i ikki baravarga oshiriladi, 2027-yildan esa qo‘riqlanadigan yerlardagi karerlarda qum qazib olish taqiqlanadi. G‘isht o‘rniga penoblok va gazoblokdan keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik beriladi.
Jamiyat
Qo‘riqlanadigan obyektlarga yuzni tanib olish vositalari o‘rnatiladi
2026-yil 1-yanvardan Qo‘riqlash departamenti tomonidan qo‘riqlovga olingan banklar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, mahalliy hokimliklar va boshqa obyektlarning fuqarolar kirish va chiqish joylariga bosqichma-bosqich shaxsning yuzini tanib olish imkoniyatiga ega texnik vositalar o‘rnatiladi. Qarorga ko‘ra, Departamentga qo‘riqlanadigan obyektlarga o‘rnatilgan qo‘riqlashning texnik vositalari va tizimlariga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.
O‘zbekiston byurokratiyani yo‘q qilish dasturini ishga tushiradi
2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi ishga tushiriladi. Maqsad — davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash, ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiiste’molchilik xavfini kamaytirish.
Chiqindi xizmatlarida faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi
O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Mazkur tartibga ko‘ra, endilikda sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi.
O‘zbekiston AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qiladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonga tashrif buyurgan AQSh fuqarolariga 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 3-noyabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan. Farmonda yangi choraning maqsadi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarni, shuningdek, turizmni yanada rivojlantirish uchun sharoit yaratish ekani aytilgan. Ushbu rejim hozirda 55 yosh va undan katta bo‘lgan sayyohlarga nisbatan qo‘llanadi.
2026-yildan notarial harakatlarda pasport yoki ID kartani taqdim etish talabi bekor qilinadi
2026-yil 1-yanvardan notarial harakatlarni amalga oshirishda O‘zbekiston fuqarolari uchun pasport yoki ID kartanining aslini taqdim etish talabi bekor qilinadi. Bunda fuqarolarning shaxsi shaxsni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali AKTdan foydalangan holda identifikatsiya qilinishi hamda biometrik ma’lumotlar (barmoq izi va Face ID) orqali verifikatsiya qilinishi nazarda tutilgan.
Vakolat.uz platformasi ishga tushadi
1-yanvardan davlat xizmatlaridan boshqa shaxslar vositasida foydalanish imkonini beruvchi Vakolat.uz platformasi ishga tushiriladi. Unda, shuningdek, ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish hamda barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini tekshirish mumkin. Platformadan foydalanish bepul bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash
O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab bepul tibbiy yordam olish tartibi o‘zgaradi
O‘zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlangan davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalari 2026-yildan kuchga kiradi. Hujjat bilan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladigan davlat va xususiy klinikalarga fuqarolarni yo‘naltirish qoidalari belgilandi. Tartib shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan yordamga tatbiq etilmaydi, u avvalgidek shoshilinch tarzda ko‘rsatiladi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda
2026-yildan boshlab har yili davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi. Mablag‘ Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, 1-yanvardan milliy akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlarga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida har oylik ustama joriy etiladi. Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bir yilda bir marta davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda dorilar va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi xalqaro talablarga moslashtiriladi
2026-yil 1-yanvardan tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning muomalasi ma’lum tartibda amalga oshiriladi. Avvaliga ular tibbiy jihozlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi, so‘ng inson hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan ehtimoli yuqori xavflarni hisobga olgan holda 4 ta xavfsizlik darajasiga ko‘ra tasniflanadi. Yakunda tibbiy jihozlar klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Adliya
Iqtisodiy sudlar optimallashtiriladi
2026-yil 1-yanvardan tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlari tugatiladi. Ularning o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etiladi. Bu sud tizimi samaradorligini oshirish va tadbirkorlarning odil sudlovdan foydalanishini soddalashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra hududlar “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga bo‘linadi
1-yanvardan yerdan samarasiz foydalanish, o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoliga ko‘ra hududlar “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga bo‘linadi. “Qizil” va “sariq” toifadagi hududlar kuzatuvga olinadi. Yerga oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yganlarga faqat “Ye-yer nazorat” tizimi orqali chora ko‘riladi.
Transport
“Chiroyli” avtomobil raqamlari uchun auksion bekor qilinadi
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini auksionlar orqali berish tartibi bekor qilinadi.
Ularning o‘rniga yangi tartib joriy etilmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaat asosida onlayn rejimda uzluksiz ravishda yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini tanlab olishi mumkin bo‘ladi.
Majburiy avtosug‘urta polisi bir necha barobar qimmatlashadi
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta bir necha barobar qimmatlashadi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yengil avtomobillar uchun polis narxi 3,4 barobarga, hududlarda esa 4 barobarga oshiriladi. Oxirgi marta tariflar 2019-yilda oshirilgan.
Moped va skuterlarni boshqarish uchun yangi huquq toifasi joriy etiladi
O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab hukumat qarori bilan moped va skuterlarni boshqarish uchun “A1” haydovchilik guvohnomasining kichik toifasi joriy etiladi. Buning uchun avtomaktabda o‘qish majburiy bo‘lmaydi. “A”, “B”, “C” va “D” toifadagi guvohnoma egalariga moped va skuterlarni boshqarishga ruxsat beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ