Bo‘stonliq tumaniga 11 oyda 12 mln turist tashrif buyurgan
Bu besh yil oldingi natijadan 12 barobarga ko‘p
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqida Prezident matbout xizmati ma’lum qildi.
Bo‘stonliq tumaniga besh yil avval infratuzilma yaxshilanishi uchun 2 trln so‘mdan ziyod investisiya kiritilgan. Mablag‘ 13 mingdan ko‘p o‘rinli 59 ta turizm inshooti ishga tushirish, asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlash va qo‘shimcha yo‘llar qurish uchun sarflangan.
Buning natijasida tashrif buyuruvchilar 12 barobarga oshdi. Jumladan, besh yil oldin Bo‘stonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, bu yil 11 oyning o‘zida 12 mln kishi tashrif buyurgan.
Shavkat Mirziyoyev tashrifi davomida tumanda rejalashtirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Masalan, Chirchiq daryosi bo‘yida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh bo‘ladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Daryo ustida sayr uchun shishali ko‘prik qurilishi ham rejalashtirilmoqda.
Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Mavsumiylari bilan birga 2,500 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ