O‘zbekistonda 1-noyabrdan nimalar o‘zgaradi

Masalan, Yagona portaldagi raqamli ma’lumotlar qog‘oz hujjatlar bilan tenglashtiriladi

O‘zbekistonda 1-noyabrdan nimalar o‘zgaradi

O‘zbekistonda 1-noyabrdan e’tiboran bir necha qonunchilik talablariga o’zgartirish kiritilmoqda. Kapital.uz yangi tartiblarni bir yerga jamladi.

Mobil operatorlar, banklar va to‘lov tashkilotlari YAIDXP orqali pulli davlat xizmatlarini ko‘rsatadi

2025-yil 1-noyabrdan boshlab mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari hamda to‘lov tashkilotlari o‘z mobil ilovalari orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi (YAIDXP, my.gov.uz) pulli xizmatlarni taqdim etish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, “Raqamli startaplar” dasturi va Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni”da ishtirok etuvchi startaplar uchun “Raqamli hukumat” tizimining ma’lumotlar platformasidan bir yilgacha bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi

1-noyabrdan Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi yangi moliyaviy instrumentlarni yo‘lga qo‘yadi. Endilikda “Chempion tadbirkor” darajasiga chiqishga intilayotgan korxonalarga 10 mlrd so‘mgacha kredit olish imkoniyati yaratiladi.

2026–2027-yillarda kompaniya 5 mingta loyihani moliyalashtirish uchun 4 trln so‘m ajratishni rejalashtirgan. Kichik va o‘rta bizneslar arzon kreditlar hamda foiz kompensatsiyalari orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Davlat xizmatlarida 2 mingdan ortiq shtat qisqartiriladi

Prezidentning 4-oktabrdagi farmoniga binoan, 2025-yil 1-noyabrdan ijro etuvchi hokimiyat organlarida 2141 ta shtat qisqartiriladi, shuningdek, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalardagi 16 nafar rahbar o‘rinbosari lavozimi bekor qilinadi.

Bu raqamlashtirish orqali boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Avtomobilga gaz ballon o‘rnatilganda texpasportni yangilash shart emas

1-noyabrdan boshlab gaz ballon o‘rnatilgan avtomobillar uchun texpasportni qayta rasmiylashtirish bekor qilinadi. Endilikda bu haqdagi ma’lumotlar elektron shaklda yuritiladi.

Korporativ etika bo‘yicha yangi komissiya tuziladi

Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika komissiyasi tashkil etiladi. U kompaniyalarga etika kodeksi ishlab chiqishda va sudgacha nizolarni hal etishda yordam beradi.

Savdo-sanoat palatasi komissiyaning ishchi organi sifatida belgilangan.

YAIDXP’dagi raqamli ma’lumotlar qog‘oz hujjatlar bilan tenglashtiriladi

1-noyabrdan boshlab Yagona portal orqali taqdim etiladigan shaxsga doir ma’lumotlar qog‘oz hujjatlar bilan teng kuchga ega bo‘ladi.

Davlat organlari endilikda fuqarolardan ularning qog‘oz nusxasini talab qila olmaydi. Bundan tashqari, pensionerlar, homilador ayollar va 3 yoshgacha farzandi bor shaxslar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Tadbirkorlar uchun yagona QR kod joriy etiladi

Prezidentning topshirig‘iga binoan, 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi. Bu to‘lov jarayonlarini soddalashtiradi va yagona tizimga keltiradi.

Qo‘shimcha ta’lim uchun “kasb vaucheri” beriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olish uchun “kasb vaucheri” berish tartibi joriy etiladi. “Kasb vaucheri” ssuda sifatida beriladi.

Shaxs o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng ssudani 2 yil davomida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytaradi.

Quyidagi shaxslarga kasb-hunar kurslarida ta’lim olish davrida jamg‘arma hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda ta’lim olayotgan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolariga;
  • doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab ta’lim olayotgan shaxslarga.

Ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi

2025-yil 1-noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bu 4-avgust kuni imzolangan prezident farmonida ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan xo‘jalik yurituvchi subyektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
  • Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari;
  • muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
  • ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.

O‘rmon fondi yerlari alohida muhofazaga olinadi

1-noyabrdan o‘rmon fondi yerlarining toifasini faqat prezident qarori bilan o‘zgartirish mumkin bo‘ladi.

Shu munosabat bilan O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tashkil etilmoqda. U “aqlli” o‘rmon xo‘jaligi, raqamli hisob va “Yashil makon” loyihalarini yuritadi.

Chegara punktlarida import telefonlarni onlayn deklaratsiya qilish mumkin bo‘ladi

Bojxona qo‘mitasi yo‘lovchilar bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirib topshirishi uchun maxsus Yo‘lovchi deklaratsiyasi mobil ilovasini ishga tushirdi.

Oktabrda Toshkent xalqaro aeroportida “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi” tizimi va mobil ilovasi test rejimida ishga tushirilgandi. Ularni 2025-yil 1-noyabrgacha barcha chegara o‘tish punktlarida joriy etish rejalashtirilgan.

Ilovada mobil telefonning IMEI kodini skanerlash funksiyasi mavjud bo‘lib, 15 xonali kodlarni qo‘lda kiritish zaruriyatini bartaraf etadi. Shuningdek, amaldagi bojxona qoidalariga oid ma’lumotlar mavjud.

Talabalar ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi

2025-yil 1-noyabrdan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

2021-yil may oyidan boshlab talabalarga ijara to‘lovining bir qismi qoplab berilmoqda. Toshkent shahrida kompensatsiya miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari — 412 ming so‘mgacha, viloyatlarda esa BHMning yarmigacha yetishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Xorijiy IT-gigantlari yil boshidan buyon qariyb 125 mlrd so‘m soliq to‘ladi
/
Xorijiy IT-gigantlari yil boshidan buyon qariyb 125 mlrd so‘m soliq to‘ladi
Endilikda kredit qarzdorligi ijtimoiy nafaqa va yordam pullaridan yechib olinmaydi
/
Endilikda kredit qarzdorligi ijtimoiy nafaqa va yordam pullaridan yechib olinmaydi
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida Qo‘shma deklaratsiya imzolandi
/
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida Qo‘shma deklaratsiya imzolandi