O‘zbekistonda 1-martdan nimalar o‘zgaradi
Yangi qoidalar notariuslar ishi, davlat xaridlari, qurilish sohasi va elektron sigaretalarni taqiqlashga taalluqli
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda iqtisodiyot, ijtimoiy himoya hamda raqamlashtirish sohalarini qamrab oluvchi bir qator qonunchilik o‘zgarishlari kuchga kiradi. Kapital.uz barchasini bir yerga jamladi.
Raqamlashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Bahordan boshlab Ko‘chmas mulk egalari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali yashash manzili bo‘yicha ma’lumotlarni mustaqil ravishda tuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, tizimda sud jarayonlariga oid ma’lumotlarni olish funksiyasi ham joriy etiladi.
Dementsiya, Alsgeymer yoki Parkinson kasalligiga chalingan shaxslar uchun kunduzgi parvarish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. “Inson” markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ota-onalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mehrli oila” xizmatlari faoliyat boshlaydi.
Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish bo‘yicha malaka imtihonlari joriy etiladi. Endilikda QR-kodli o‘lim haqidagi ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtirilib, marhumning yaqinlariga elektron shaklda yuboriladi.
“Og‘ir” tumanlarda oilaviy tadbirkorlik uchun yillik 12% stavkada kreditlar ajratiladi
1-martdan boshlab 37 ta “og‘ir” toifadagi tumanda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi ajratiladigan kreditlar foizi yillik 12% gacha pasaytiriladi. .
1-martdan “mahalla loyihasi” dasturlari doirasida mahallalarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga 1,2 trln so‘m ajratiladi hamda kompensatsiya quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish loyihalari bo‘yicha kreditlar uchun — 4% li band;
- qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar uchun — 6% li band.
Huquq-tartibot tizimidagi yangiliklar
Notarial idoralar 1000 BHM (412 mln so‘mgacha) miqdoridagi nizosiz qarzlar bo‘yicha ijro varaqalarini rasmiylashtirish vakolatiga ega bo‘ladi. Bu ijara to‘lovlari, kommunal xizmatlar hamda uy-joy mulkdorlari badallari bo‘yicha qarzdorliklarni undirish jarayonini qamrab oladi.
Fuqarolar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlariga elektron portal orqali kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ta’lim to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalari va mehnat stajini tasdiqlash hujjatlarini berish muddatlari qisqartiriladi. Arxiv hujjatlarini vaqtincha olib chiqishga ruxsat berish tartibi ham soddalashtiriladi.
Iqtisodiyot va davlat xaridlari
Davlat xaridlari tizimida sun’iy intellekt asosidagi modul ishga tushirilib, xarid predmetlarining o‘rtacha bozor qiymatini tahlil qiladi.
Davlat organlaridagi bo‘sh lavozimlarga xodimlarni yollash yangilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlar uchun “yagona darcha” tamoyili asosida ishlovchi “Biznes hamroh” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Biznes barqarorligi reytingini hisoblashda tovar belgilarining mavjudligi qo‘shimcha ustunlik beradi, intellektual mulk sohasidagi jarimalar esa reyting ko‘rsatkichiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Elektron sigaretalar va veyplarga taqiq
Mamlakatda elektron sigaretalar va ular uchun mo‘ljallangan barcha suyuqliklar muomalasi to‘liq taqiqlanadi. Taqiq doirasiga veyplar, nikotinli va nikotinsiz suyuqliklar, shuningdek ularning barcha qurilma va butlovchi qismlari kiradi. Bunda tamaki qizdirish tizimlari (masalan, IQOS turidagi mahsulotlar) mazkur cheklovlarga kiritilmaydi.
Mazkur mahsulotlarni noqonuniy ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish, shuningdek import va eksport qilish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jarimalar 100–200 BHM (41,2 mln – 82,4 mln so‘m) miqdorida belgilangan bo‘lib, mahsulot musodara qilinadi. Shaxsiy foydalanish uchun kichik miqdorda saqlash holatida 1 BHM (412 ming so‘m) jarima qo‘llanadi. Taqiqlangan mahsulotlar ixtiyoriy ravishda topshirilgan taqdirda shaxs javobgarlikdan ozod etiladi.
Takroriy yoki yirik miqdordagi qonunbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan: 500 BHM (206 mln so‘m) gacha jarima, majburiy mehnat yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Uyushgan guruh tomonidan yoki o‘ta yirik miqdorda sodir etilgan jinoyatlar uchun 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Bojxona imtiyozlari va tadbirkorlik
Yuk chegaraga yetib kelishidan oldin deklaratsiya topshirgan importchilar uchun bojxona yig‘imi 20% ga kamaytiriladi. Shuningdek, bojxona to‘lovlari bo‘yicha 14 kunlik foizsiz kechiktirish joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi biologik faol qo‘shimchalarni (BAA) import qilishga ruxsat berishda tovar belgilariga bo‘lgan huquqlarni majburiy tekshiradi. Litsenziya olish jarayoni ham soddalashtirilib, talabgorlar uskunalar va xodimlar talablarga muvofiqligi bo‘yicha ixtiyoriy dastlabki baholashdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Tadbirkorlar uchun “Biznes hamroh” markazlari ishga tushadi
2026-yil 1-martdan tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va ayrim xususiy xizmatlarni tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish bo‘yicha “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda bunday markazlar Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida 1 tadan tashkil etiladi.
Shuningdek, xuddi shu sanadan tadbirkorlar bilan muloqotni tashkil qilishning yangi tartibi joriy etiladi: respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida hududlarda tadbirkorlar bilan “Biznes hamroh” markazlarida uchrashadi. Reja-grafiklar har chorakda barcha uchun ochiq holatda “Biznes hamroh” elektron platformasi va tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Norasmiy bandlik holatlari tadbirkorlar reytingini pasaytiradi
2026-yil 1-martdan tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda quyidagi qonunbuzilish holatlari ballarni kamaytiruvchi qo‘shimcha mezon sifatida belgilanadi:
- tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari;
- xodimlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan past oylik ish haqlarining hisoblanishi.
Qurilish va ekologiya
Sifatsiz qurilish materiallari yetkazib beruvchilari reyestri shakllantirilib, ular davlat tenderlarida ishtirok eta olmaydi. O‘zbekkosmos qurilish obyektlarini doimiy kosmik monitoring asosida nazorat qiladi. Ko‘prik va tunnellarning seysmik bardoshliligi onlayn tizim orqali kuzatilib, binolar holati sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi.
Yirik ishlab chiqarish korxonalarida ekologik monitoring stansiyalari mavjud emasligi uchun jarimalar 5 barobarga oshiriladi. Tabiatga yetkazilgan zarar uchun to‘lovlardan ozod qilish imtiyozlari endilikda faqat qonun asosida belgilanadi.
Turizm va sport
Har yili eng yaxshi 10 ta turistik startapni rivojlantirish uchun loyiha xarajatlarining 50%i miqdorida, biroq har bir loyiha uchun 1 mlrd so‘mdan oshmagan subsidiya ajratiladi. Mehmonxonalar xalqaro “yashil” sertifikatlarni olish xarajatlarining yarmini qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sport sohasida futbol uchrashuvlariga chiptalar onlayn tizim orqali, shaxsni QR-kod asosida majburiy identifikatsiya qilish sharti bilan sotiladi. Arxiv xizmatlari ko‘rsatish, jumladan mehnat stajini tasdiqlash va ta’lim haqidagi ma’lumotnomalarni berish muddatlari qisqartiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ