Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishda yengillik berilmoqda
Qimmatbaho metallarning noqonuniy sotuvi haqida xabar berganlarga jarimaning 50% miqdorida mukofot beriladi

Foto: dzen.ru
“Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, qimmatbaho metallarni qayta ishlashning yillik hajmini 7 tonnaga, zargarlik buyumlarini eksport qilish ko‘rsatkichlarini $300 mlnga yetkaziladi. Qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining norasmiy aylanmasini kamida 50% ga qisqartiriladi.
Zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi, jumladan:
- qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga foiz hisoblanmaydi, 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – yillik 3% miqdorida foiz hisoblanadi;
- zargarlik markazlarida “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining filiallari faoliyati (sayyor xizmat ko‘rsatish) yo‘lga qo‘yiladi;
- zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lganda a’zolik badalini 50% lik chegirma bilan to‘laydi.
2026-yil 1-yanvardan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyozlar bekor qilinmoqda. Shuningdek, oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
2028-yil 1-yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga QQSning 80% i har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda respublika byudjetidan qaytariladi.
2025-yil 1-sentabrdan:
- YATTlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi;
- Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida “Soliq” mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50%i miqdorida mukofot to‘lanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ