O‘zbekistonda yuk ko‘tarish kranlari xavfsizligi bo‘yicha yillik tekshiruv joriy etildi
Ta’mirlash yoki texnikani modernizatsiya qilishdan so‘ng yuk ko‘tarish mexanizmlarini navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish majburiy bo‘ladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda minorali va harakatlanuvchi kranlar, shuningdek boshqa yuk ko‘tarish qurilmalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Lex.uz qonunchilik bazasida e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasi qarorida ma’lum qilingan.
Hukumat yuklarni ko‘chirish uchun mo‘ljallangan texnikalarni, jumladan telfer va talilarni tekshirish qoidalarini belgilab berdi. Mazkur sohada nazorat qiluvchi organ etib Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tayinlandi.
Nazorat tartibi uch turga bo‘linadi: dastlabki, muntazam va navbatdan tashqari. Tekshiruv kompleks yoki soddalashtirilgan shaklda o‘tkazilishi mumkin.
Uskuna o‘rnatilgandan, yangilangandan yoki kapital ta’mirdan chiqarilgandan so‘ng to‘liq ko‘rikdan o‘tkazish talab etiladi. Bunda mulkdor attestatsiyadan o‘tgan sinov tashkilotiga ariza yuborishi kerak. Arizaga texnik pasport, foydalanish va o‘rnatish bo‘yicha yo‘riqnomalar, montaj dalolatnomasi hamda muvofiqlik sertifikatlari ilova qilinadi. Statsionar kranlar uchun loyiha hujjatlari bo‘yicha ekspert xulosasi ham talab etiladi.
Mutaxassislar texnikaning amaldagi holati e’lon qilingan tavsiflarga mosligini tekshiradi hamda xavfsiz ekspluatatsiyani ta’minlash uchun asosiy uzellarning ishonchliligini o‘rganadi.
Tekshiruvdan muvaffaqiyatli o‘tilgach, texnikaning korpusi yoki kabinasiga maxsus stiker yopishtiriladi. Unda ro‘yxatga olish raqami, maksimal yuk ko‘tarish quvvati va keyingi tekshiruv muddatlari ko‘rsatiladi.
Uskunaning qisman texnik ko‘rigi har yili o‘tkazilishi shart, to‘liq ko‘rik esa kamida har uch yilda bir marta amalga oshiriladi. Asosiy konstruktiv elementlarga aralashuv yoki rekonstruksiya qilingandan so‘ng qo‘shimcha tekshiruv belgilanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ