YTTB 2026-yil uchun O‘zbekiston YIM o‘sish prognozini 6,5% gacha oshirdi
2027-yilda esa ko'rsatkich 6% gacha sekinlashishi kutilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) 2026-yil uchun O‘zbekiston YAIM o‘sish prognozini 6,5% gacha oshirdi. O‘tgan yilning sentabrida bank 2026-yilgi mamlakat YAIM o‘sishini 6% darajasida prognoz qilgan edi.
YeTTBning fevral oyida e’lon qilingan mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar sharhiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur’ati 2024-yildagi 5,9% dan 2025-yilda taxminan 6,9% gacha ko‘tarildi. Bu, sharhda aytilishicha, iste’mol hajmining ortishi, kreditlashning jadal o‘sishi, barqaror pul o‘tkazmalari va yuqori investitsiyalar bilan izohlanadi. Bank 2026-yilda mintaqada o‘rtacha o‘sish sur’ati bo‘yicha prognozlarini yirik investitsiya loyihalari, xususan, Qirg‘iziston va Tojikistondagi loyihalar hisobiga 5,6% gacha oshirdi (sentabrdagi prognozga ko‘ra 5,2% edi). Mintaqada o‘sish sur’ati 2027-yilda 5,3% gacha mo‘tadillashishi kutilmoqda.
Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilgi 6,7% lik o‘sishdan so‘ng 2025-yilda O‘zbekiston YAIM o‘sish sur’ati 7,7% gacha tezlashdi. 2026-yilda o‘sish 6,5% gacha, 2027-yilda 6% gacha sekinlashishi kutilmoqda.
Sharhda aytilishicha, 2025-yilning yanvar-oktabr oylarida AQShning Xitoydan importi hajmi keskin qisqarishi hisobiga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Kot dʼIvuar AQSh importni absolyut raqamlarda (nominal AQSh dollarida) eng ko‘p oshirgan mamlakatlar bo‘ldi. AQSh importining foiz hisobida eng tez o‘sishi esa O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri keldi. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-oktabrida AQShning Xitoydan importi 27% ga qisqargan, ayni paytda dunyoning qolgan mamlakatlaridan import 12,6% ga o‘sgan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston AQShga qimmatbaho metallar yetkazib berish bo‘yicha yuqori ulushga ega bo‘ldi. Eksportning o‘sishi nafaqat narxlarning ko‘tarilishi, balki jismoniy yetkazib berish hajmining ortgani bilan ham izohlanadi. Tahlilchilarning fikricha, bu sun’iy intellekt sohasida qo‘llaniladigan komponentlarga talab ortgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ