Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekiston ipoteka bozorini qo‘llab-quvvatlash uchun $40 mlngacha kredit ajratadi. Bu haqda moliyaviy institut matbuot xizmati xabar berdi.
YTTB O‘zbekiston Ipoteka qayta moliyalash kompaniyasi (UzMRC) uchun milliy valyutada $40 mlngacha bo‘lgan sintetik kredit liniyasini ochmoqda. Mazkur kompaniya mamlakatda ipoteka kreditlarini qayta moliyalash bilan shug‘ullanuvchi yagona tashkilot hisoblanadi.
Ajratilgan mablag‘lar tijorat asosida uy-joy bozorining standartlashtirilgan modelini rivojlantirish, aholining ipoteka mahsulotlariga kirish imkoniyatini kengaytirish va xususiy sektorning rolini kuchaytirish orqali so‘mda o‘rta muddatli moliyalashtirish oqimini barqaror ta’minlashga yordam beradi.
Mablag‘larning muhim qismi “yashil” ta’mirlash kreditlari dasturini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Bu uylarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan investitsiyalarni o‘z ichiga oladi — issiqlik izolyatsiyasini yaxshilash, eshik va oynalarni almashtirish, zamonaviy konditsioner tizimlarini o‘rnatish hamda quyosh panellarini joriy etish.
2019-yilda davlat va banklar ishtirokida tashkil etilgan UzMRC Markaziy bank nazorati ostida faoliyat yuritadi. U ipoteka bozorining ikkilamchi darajadagi agregatori sifatida ishlaydi va davlat hamda xususiy tijorat banklariga sifatli ipoteka portfellarini garovga qo‘ygan holda uzoq muddatli resurslar beradi.
YeBRR krediti UzMRC ipoteka qimmatli qog‘ozlari (RMBS) bozoriga chiqishga tayyorlanayotgan bir paytda vaqtinchalik moliya ehtiyojlarini qoplashga yordam beradi. Loyihaning amalga oshirilishi kapital bozorida yangi instrumentlar joriy etilishi, kredit standartlari va hisobot yuritish tizimining yanada yagona bo‘lishiga zamin yaratadi.