YTTB O‘zbekistonda farmatsevtika sohasi uchun 20 mln yevrogacha kredit ajratadi
Bu orqali “Samarkand England Eco-Medical” va “Bayan Medical” korxonalarida yangi ishlab chiqarish liniyalari ishga tushiriladi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekistonda mahalliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirish maqsadida o‘zining uzoq yillik hamkori — “Samarkand England Eco-Medical” (SEEM) kompaniyasi faoliyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bank tomonidan SEEM hamda uning affillangan tuzilmasi — “Bayan Medical” kompaniyasiga 20 mln yevrogacha kredit ajratiladi. Mazkur korxonalar tomir ichiga yuboriladigan eritmalar (xlorid natriy, glyukoza, aminokislotalar), shuningdek, tabletka va kapsula ko‘rinishidagi generik hamda maxsus dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Ajratilgan mablag‘lar SEEM uchun yangi ishlab chiqarish liniyalarini xarid qilishga yo‘naltiriladi. Jumladan, tomir ichiga yuboriladigan eritmalar va antibiotiklarni shisha ampulalarda ishlab chiqarish, sirop va suspenziyalar, tibbiy suv, burun spreylari, sham va mazlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, “Bayan Medical” korxonasining ishlab chiqarish quvvatlari energiya samaradorligini oshirish maqsadida modernizatsiya qilinadi. Xususan, puflab to‘ldirish va germetik yopish (BFS) texnologiyasi asosida ampula ishlab chiqarish liniyasi hamda boshqa maxsus uskunalar xarid qilinadi. Moliyalashtirish kompaniyalar balans tuzilmasini optimallashtirish imkonini ham beradi.
Loyiha mamlakatda farmatsevtika mahsulotlarining mahalliy ulushini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Hozirda tibbiy mahsulotlarning qariyb 75%i import hisobiga ta’minlanadi. Tashabbus sohani yanada lokalizatsiya qilish va texnologik jihatdan yangilashga qaratilgan.
Ijtimoiy yo‘nalishda “Bayan Medical” oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun amaliyot dasturlarini joriy etadi, xodimlar uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil qiladi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratadi.
YTTB o‘z faoliyati davomida O‘zbekistonda 205 ta loyiha doirasida qariyb $6,9 mlrd (5,8 mlrd yevro) miqdorida investitsiya kiritgan. So‘nggi olti yil davomida mamlakat Markaziy Osiyoda bank moliyalashtirishining eng yirik oluvchisi bo‘lib qolmoqda.
Bank avvalroq “Nika Pharm” uchun $20 mln kreditni ma’qullagan edi. Mablag’ kompaniyaning ishlab chiqarish bazasini kengaytirish, uning barqarorligi va samaradorligini oshirish imkonini beradi. Natijada generik va retsept asosidagi dori vositalari ishlab chiqarish hajmi 140% ga oshishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ