O‘zbekistonda yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15% li kredit ajratiladi
Umumiy miqyosda esa yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha $200 mln mablag' sarflanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15% li kredit ajratish boshlanadi. Bu haqda 24-fevral kuni prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda har yili 600 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelayotgani ta’kidlandi, 2030-yilga borib, ular 1 mlnga yetadi. Yoshlarga o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish — eng muhim masala ekani qayd etildi.
Yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga $400 mln berilgan edi. Xususan, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi, 50 ming odamni ish bilan ta’minladi.
Prezident yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha $200 mln ajratilishini e’lon qildi.
O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 mlndan 300 mln so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 mlrd so‘mgacha kredit ajratish (hozir 5 mlrd so‘mgacha) mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga $100 minggacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi.
Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqayotgan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.
2026-yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15% li kredit ajratish boshlanadi.
Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 mln so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 mln so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 mlrd so‘mgacha, kamida 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 mlrd so‘mgacha kredit beriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturini boshlash topshirildi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ularga oyiga 2 mln so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30%i biznes ko‘nikmasi yetishmagani uchun qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi.
Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi.
Mutasaddilarga yoshlar uchun qulay joylarni belgilab, bu yil Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent shahrida, kelgusi yilda qolgan hududlarda bunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ