O‘zbekistonda aksariyat ish beruvchilar yosh mutaxassislarga 4-6 mln atrofida maosh taklif qilmoqda
Atigi 6,5% respondentlar 7-10 mln so‘m to‘lashga tayyor
![O‘zbekistonda aksariyat ish beruvchilar yosh mutaxassislarga 4-6 mln atrofida maosh taklif qilmoqda](https://kapital.uz/wp-content/uploads/2025/01/photo_2025-01-17_16-00-28.jpg)
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“Yuksalish” harakati ish beruvchilarning yosh mutaxassislarni ishga qabul qilish bo‘yicha fikrini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi.
Google Forms platformasidan foydalangan holda o‘tkazilgan so‘rovnoma kichik va o‘rta biznes vakillari, fermer xo‘jaliklari, davlat idoralari, NNT yetakchilari va rahbarlarini qamrab oldi. Unda 23 yoshdan 55+ yoshgacha bo‘lgan 828 kishi qatnashdi.
Aksariyat ish beruvchilar yosh mutaxassislarga 4 mln dan 6 mln gacha bo‘lgan maoshni taklif qilishga tayyor. Respondentlarning 39,4% 4-5 mln so‘mni maqbul deb bilsa, 37,9% 5-6 mln so‘m taklif qilishga tayyor. 11% ish beruvchilar 6 mlndan 8 mln so‘mgacha maosh taklif etadi, 6,5% esa 7-10 mln so‘mga tayyor. Faqat 5,2% respondent 10 mln va undan yuqori maosh taklif qilishga tayyor. Bu yosh mutaxassislar uchun munosib ish haqi olish imkoniyatini cheklaydi.
Ish beruvchilarning taxminan uchdan bir qismi – 27,8% – kadrlar tomonidan OTMda olingan bazaviy bilimlar yetarli emasligini bildirgan.
Mustaqil rivojlanishga bo‘lgan motivatsiyaning pastligi – 29,3% foiz ishtirokchi tomonidan yana bir muammo sifatida belgilangan. So‘rov natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, rahbarlarning 8,7% mustaqil professional rivojlanishga harakat qilmaydigan, 8,1% – tizimli va tanqidiy fikrlay olmaydigan, 4% – muloqot ko‘nikmalari va 2,9% liderlik sifatlariga ega bo‘lmagan yosh kadrlarga duch kelmoqda.
Respondentlarning 8,3% yosh kadrlarda axborot texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha ko‘nikmalar yetarli emasligini ta’kidlagan.
Malakali kadrlarni tayyorlashda yordam berishi mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar sifatida ish beruvchilar quyidagilarni ko‘rsatgan:
- 46,6% respondentlar mustaqil rivojlanish uchun sharoit yaratishning ustuvor ekanini ta’kidlagan;
- 43,1% esa barqaror ish haqi va mukofot yoki grantlar orqali yosh mutaxassislarni saqlab qolish va rivojlantirish mumkinligini bildirib o‘tgan;
- 26,3% respondentlar karyerada o‘sish imkoniyatlarini yaratish muhimligini aytgan;
- 18,7% xorijda malaka oshirishni tashkil etish ahamiyatini qayd etgan;
- 23,6% esa yosh mutaxassislar bilan ishlash strategiyasini e’tirof etgan;
- 2,2% ishtirokchi esa javob berishda qiynalgan.
Shuningdek, yosh mutaxassislarni qidirishda ish beruvchilar uchun asosiy manbalar onlayn platformalar, shaxsiy kontaktlar va bandlikka doir saytlar bo‘lib qolmoqda. 37,2% respondentlar raqamli texnologiyalar ishga yollash jarayonida tobora muhimroq rol o‘ynayotganini ta’kidlagan. 24,6% kadrlarni OTMlar orqali, 21,6% Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi orqali, 13,5% mehnat birjasidan va 3,1% boshqa manbalar orqali izlashini bildirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ