O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8% gacha pasaydi
Narxlar bir oy ichida 0,6% ga ko‘tarildi, hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijonda kuzatilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8% ga tushib, o‘tgan yilga nisbatan 2,4% punktga pasaydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan iste’mol narxlari indeksida ma’lum qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil oktabr oyida oylik inflyatsiya 0,6% ni tashkil etib, sentabr oyidagi darajada shakllandi.
Narxlarning o‘sish sur’ati 2024-yilning oktyabriga nisbatan bir baravardan ortiqqa pasaygan, o‘shanda bu 0,8% edi.
Joriy yilning yanvar—oktabr oylarida inflyatsiya 5,7% ni tashkil etgan. Yillik inflyatsiya oktyabr oyida 7,8% darajasida qayd etilib, oy davomida 0,2% ga, o‘tgan yilning oktyabriga nisbatan esa 2,4% ga pasaygan.
Meva va sabzavot mahsulotlari narxi o‘zgarishini hisobga olmaganda, inflyatsiya oktabr oyida 0,5% ni, yillik nisbatda esa 8,6% ni tashkil etgan.
Oy davomida asosiy mahsulotlardan tuxum (4,1%), suyakli mol go‘shti (1,7%), sut (1,2%) hamda o‘simlik yog‘i (0,8%)ning narxlari oshgan. Bundan tashqari, asosiy meva-sabzavotlardan pomidor — 61,%, bodring — 58,2%, baqlajon — 11,3% hamda bulg‘or qalampiri 10,6% ga sezilarli qimmatlagan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 0,4% ga, yil boshidan — 4,4%, o‘tgan yilning oktyabriga nisbatan esa 5,8% ga qimmatladi. Xizmatlar bir oyda 0,3% ga, yillik hisobda esa 8,7% ga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijon (0,9%)da kuzatilgan bo‘lsa, yettida hudud — Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida eng past — 0,5% ni tashkil etgan.
Shu bilan birga, yanvar—oktabr oylarida narxlar eng ko‘p Qoraqalpog‘iston va Farg‘onada (6,2%), eng kam Toshkent shahrida (5,1%) oshdi. Yillik inflyatsiya esa Farg‘ona viloyatida eng yuqori bo‘ldi — 8,6%. Narxlar eng kam Jizzaxda (7,1%) ko‘tarilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ