TechCrunch: O‘zbekistonda YHXX ma’lumotlar bazasi ochiq tarmoqqa sizib chiqqan
Mutaxassis himoyasiz panel orqali millionlab video yozuvlar va uskunalar joylashuvini aniqlagan
Фото: TechCrunch
O‘zbekiston Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX)ga tegishli avtomatik foto va video qayd etish majmualari ma’lumotlar bazasi ochiq internetda erkin foydalanish imkonida bo‘lgani aniqlangan. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Anurag Sen YHXQ majmualarini boshqarish paneliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havolani aniqlagan. Mazkur manzilga kirish uchun parol yoki avtorizatsiya talab qilinmagan, bu esa istalgan internet foydalanuvchisiga maxfiy ma’lumotlarni ko‘rish imkonini bergan.
Tizim arxivi 4K formatdagi millionlab video va foto materiallarni o‘z ichiga oladi. Kadrlarida transport vositalarining davlat raqamlari, shuningdek haydovchi va yo‘lovchilarning yuzlari aniq ko‘rinadi. Panel funksional imkoniyatlari hodisalarni tekshirishi kerak bo‘lgan idora operatorlari uchun mo‘ljallangan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar yordamida bir avtomobilning Toshkent — Chirchiq — Eshanguzar yo‘nalishlari bo‘ylab olti oydan ortiq davrdagi harakatini kuzatish mumkin bo‘lgan.
Ochiq bazada uskunalarning aniq joylashuv koordinatalari ham mavjud. Toshkent shahrida kamida 10 dan ortiq kamera nuqtalari aniqlangan, shuningdek qurilmalar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan viloyatlarida va Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda qayd etilgan.
Dasturiy ta’minotni joriy etish bilan Maxvision kompaniyasi shug‘ullangan bo‘lib, tizim 2025-yil o‘rtalarida ishga tushirilgan. Mazkur yetkazib beruvchi Meksika, Quvayt, Ummon va Saudiya Arabistoni bozorlarida ham faoliyat yuritadi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston IIV rasmiylari va O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari izoh bermagan. UZCERT esa murojaat qabul qilingani haqida avtomatik xabarnoma bilan cheklangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ