O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi

Hujjatning imzolanishi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikning yangi asoslarini mustahkamlaydi

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas imzo chekdi. Imzolash marosimi Bryusselda, Yevropa Kengashi shtab-kvartirasida, O‘zbekiston–Yevropa sammiti doirasida tomonlar rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur bitim 1996-yilda imzolangan “Hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim” o‘rnini bosib, ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosini yangilaydi va kengaytiradi.

Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevralida boshlangan va 2022-yil iyulida yakunlangan.

Hujjat 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bo‘lib, u siyosiy muloqotni kuchaytirish hamda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun huquqiy asos yaratadi. Ayniqsa, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, ilm-fan va ta’lim, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Belgiya tashrifi doirasida Prezident Yevropaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuvda Yevrokomissiyaning kengayish masalalari bo‘yicha vakili Marta Kos, shuningdek, Yevropa investitsiya banki, Commerzbank, Vandewiele, KfW va boshqa tuzilmalarning yuqori rahbarlari ishtirok etdi.

Davlat rahbari iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va islohotlarni chuqurlashtirishda Yevropa hamkorlarining qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi. Jumladan, ilg‘or texnologiyalar va korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlik kengaytirilayotganini qayd etdi. Xususan, oliy ta’limga kirish imkoniyatlari kengayib, yangi universitetlar tashkil etilmoqda, xorijiy OTMlarning filiallari ochilmoqda va qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv davomida Prezident kelgusida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun to‘rtta asosiy yo‘nalishni ajratib ko‘rsatdi:

  1. Strategik xomashyo va foydali qazilmalarni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish.
  2. “Yashil” iqtisodiyot va kimyo sanoati — qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, “yashil” energiya, energiya saqlash tizimlari va ekologik kimyo sohasidagi loyihalarda Yevropa sheriklarini ishtirok etishga taklif qilish.
  3. Infratuzilma va logistika rivoji — avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar, aeroportlarni modernizatsiya qilish hamda Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi tranzit yo‘laklar va logistika markazlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik.
  4. Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari — IT-parklar va startap-inkubatorlarni rivojlantirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish.

O‘z navbatida, Yevropa kompaniyalari vakillari O‘zbekistonda investitsiyalar uchun yaratilgan shaffof va barqaror sharoitlarni ijobiy baholab, mamlakatda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston ikkilamchi sanksiyalar xavfini hisobga oladi — Timur Ishmetov
/
O‘zbekiston ikkilamchi sanksiyalar xavfini hisobga oladi — Timur Ishmetov
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi 10 mlrd yevrodan ortiq qiymatga ega yangi loyihalarni amalga oshiradi
/
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi 10 mlrd yevrodan ortiq qiymatga ega yangi loyihalarni amalga oshiradi
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 16,5% ga tushirdi
/
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 16,5% ga tushirdi