“Yevroosiyo Banki” ning litsenziyasi bekor qilindi
Markaziy bank xabariga koʻra, bankning ustav kapitali kamida 500 mlrd so‘mga yetmagan
Foto: Yandex Map
Markaziy bank Boshqaruvining 2025-yil 27-avgustdagi qaroriga muvofiq, “Yevroosiyo Banki” AJga berilgan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olindi.
Qaror bank ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam talablarga mos kelmagani hamda banklar faoliyatiga oid boshqa talablar bajarilmagani sababli qabul qilingan.
Xususan, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq 2025-yil 1-yanvardan banklarda ustav kapitalining eng kam miqdor 500 mlrd so‘mni tashkil etishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Qozog‘istonning “Yevroosiyo Banki” sho’ba korxonasi 2024-yil boshida berilgandi. Uning boshqaruv raisi etib Kanat Abeuov tayinlangan.
Avvalroq O‘zbekistonlik milliarder Patoh Shodiyev Olmaota tumanlararo iqtisodiy sudiga Yevroosiyo moliyaviy kompaniyasiga qarshi da’vo arizasini kiritgan edi.
Qayd etilishicha, u kompaniya direktorlar kengashi 2025-yil iyun va iyul oylarida qabul qilgan qarorlarni noqonuniy deb topishni so‘rab, bir necha bor sudga murojaat qilgan. Shodiyev, shuningdek, kompaniyadan 1 mln tenge miqdorida ma’naviy zarar tovonini talab qilmoqda hamda ishni yopiq tarzda ko‘rib chiqishni so‘ragan. Mojaro Shodiyev va marhum Alijan Ibragimovning o‘g‘li Shuxrat Ibragimov hamda Andrey Kopov o‘rtasidagi kelishmovchilikdan kelib chiqqan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ